Eron rasmiylariga ko‘ra, mamlakat janubidagi Minob shahrida joylashgan qizlar maktabiga berilgan zarba oqibatida kamida 153 kishi, jumladan bolalar halok bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Voqea Hormozgon viloyatida, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bazasidan taxminan 600 metr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Rasmiy bayonotlarda maktab hududiga uchta raketa kelib tushgani aytilmoqda. Eron Qizil Yarim oy jamiyati so‘nggi kunlarda mamlakat bo‘ylab havo hujumlari oqibatida 201 kishi halok bo‘lgani, 747 kishi jarohat olganini bildirgan.
Eron tomoni hujum uchun AQSh va Isroilni aybladi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi hodisa yuzasidan ma’lumotlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi. Isroil armiyasi esa mazkur hududda harbiy amaliyot o‘tkazganidan bexabar ekanini bildirdi.
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon hodisani “vahshiyona harakat” deb atadi. AQSh harbiy vakili Tim Xokins esa tinch aholini himoya qilish ustuvor ekanini va noxush oqibatlarni kamaytirish choralarini ko‘rishda davom etilishini ta’kidladi.
Eronning ish haftasi shanbadan payshanbagacha davom etadi. Juma yagona dam olish kuni hisoblanadi. Shu bois hodisa vaqtida maktabda o‘quvchilar bo‘lishi ehtimoli yuqori.
BBC portlashdan keyingi tasvirlarni tekshirganini, biroq qurbonlar sonini mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini ma’lum qildi. Xalqaro OAV vakillariga Eronga kirish vizasi berilmasligi ma’lumot to‘plashni qiyinlashtirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda eronliklar keskin munosabat bildirmoqda. Ayrimlar harbiy amaliyotlarni qoralagan bo‘lsa, boshqalar bolalar o‘limi uchun rasmiylarni ham mas’ul deb atamoqda.
Qaynoq24.uz Pokiston Kobulga aviazarba bergani haqida yozgan edi.

