2026-yilda Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati $4,2 mlrd bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Mablag‘larning $2,7 mlrdi sanoatga, $210 mln qishloq xo‘jaligiga, $1,2 mlrdi esa xizmatlar va turizm sohasiga yo‘naltiriladi.
Bu masalalar Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-fevral kuni o‘tkazilgan Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Joriy yilda viloyatda 98 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 423 ming nafar aholi daromadini oshirish va 74 mingta ish o‘rnini yashirin iqtisodiyotdan chiqarish ko‘zda tutilgan.
Muammoli hududlar va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun 800 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Banklar esa «Mahalla loyihasi» dasturi doirasida 1,4 trln so‘m kreditlar taqdim etadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida meva-sabzavot eksportini $510 mlngacha oshirish rejalashtirilgan. Ushbu o‘sish qayta ishlash hajmlarini kengaytirish hisobiga ta’minlanadi. Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida Xitoy investorlari ishtirokida agro-logistika markazlari qurilishi ham belgilangan.
Qaynoq24.uz Farg‘ona viloyatida 835,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik aniqlangani haqida yozgan edi.

