Filippinning Sebu shahri yaqinidagi Binaliv hududida joylashgan chiqindi poligonida katta hajmdagi axlat uyumi qulab tushdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, kamida yetti kishi jarohat oldi va yana kamida 27 nafar odam bedarak yo‘qolganini mahalliy politsiya ma’lum qildi.
Qutqaruvchilar vayronalar ostidan sakkiz kishini tirik holda olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq ularning biri, poligonda ishlovchi ayol, shifoxonaga yetkazilayotganda vafot etgan. Qolgan jabrlanganlar turli darajadagi jarohatlar bilan tirik qolgan.
Hodisa chiqindilarni qayta ishlash va saralash bilan shug‘ullanadigan hududda sodir bo‘lgan. Qurbonlar orasida faqat poligon xodimlari bormi yoki yo‘qligi hozircha aniq emas. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, axlat va qurilish chiqindilaridan iborat ulkan massa ishchilar ustiga qulab tushgan.

Sebu shahri meri Nestor Arxivolning bildirishicha, hozirgacha kamida 12 kishi qutqarilgan, 38 nafar fuqaro esa bedarak deb hisoblanmoqda. Politsiya va shahar hokimiyati keltirgan raqamlar o‘rtasidagi tafovut sababi hozircha izohlanmagan.
“Qidiruv-qutqaruv guruhlari barcha xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda ishni davom ettirmoqda. Bedarak yo‘qolganlarni topish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan,” — dedi mer Arxivol.
Hodisa joyida tun bo‘yi o‘nlab qutqaruvchilar ish olib borgan. Hukumat jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga zarur yordam ko‘rsatilishini, jarayon shaffof va mas’uliyat bilan olib borilishini va’da qilgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur chiqindi poligonida 110 nafarga yaqin xodim ishlaydi. Hodisadan so‘ng mahalliy hokimiyat va poligon rahbariyati favqulodda yig‘ilish o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Qaynoq24.uz Filippindagi Mayon vulqoni otilgani haqida yozgan edi.

