Finlyandiya yadroviy qurollarni joylashtirish bo‘yicha taqiqni bekor qilishi mumkin

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Finlyandiya hukumati mamlakat hududida yadroviy qurollarni joylashtirishga qo‘yilgan ko‘p yillik taqiqni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Hukumatga ko‘ra, bu qadam mamlakatni NATOning yadroviy to‘xtatuv siyosatiga yanada yaqinlashtiradi.

Mudofaa vaziri Antti Hyakkanenning aytishicha, 2022-yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan so‘ng Finlyandiya va Yevropaning xavfsizlik muhiti tubdan o‘zgargan. Finlyandiya 2023-yilda Rossiya tahdidi kuchaygani fonida o‘nlab yillar davom etgan harbiy betaraflik siyosatidan voz kechib, NATOga a’zo bo‘lgan edi.

Amaldagi 1987-yildagi “Yadro energiyasi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Finlyandiya hududida yadroviy portlovchi moddalarni import qilish, ishlab chiqarish, saqlash yoki qo‘llash taqiqlangan. Yangi taklif ushbu cheklovni yumshatib, mamlakat mudofaasi bilan bog‘liq holatlarda yadroviy qurollarni olib kirish, tashish yoki joylashtirish imkonini beradi.

Hukumat bu o‘zgarish NATOning kollektiv mudofaa strategiyasi doirasida mamlakat xavfsizligini mustahkamlash uchun zarur ekanini ta’kidladi.

NATOning asosiy tamoyillaridan biri kollektiv mudofaa bo‘lib, unga ko‘ra ittifoq a’zolaridan biriga hujum barcha a’zolarga hujum sifatida qaraladi. Alyans tarkibida bir nechta yadroviy davlatlar mavjudligi sababli, a’zolardan biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum yadroviy javob xavfini ham keltirib chiqarishi mumkin.

Finlyandiya Rossiya bilan 1 340 km uzunlikdagi chegaraga ega bo‘lib, bu NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida eng uzun chegaralardan biri hisoblanadi. Mamlakat rasmiylari Ukrainadagi urushdan beri xavfsizlik vaziyati keskin yomonlashganini bir necha bor ta’kidlab kelmoqda.

Finlyandiya 2023-yil aprelida NATOning 31-a’zosiga aylandi. 2024-yilda esa qo‘shni Shvetsiya ham alyansga qo‘shildi. Shundan so‘ng NATO Arktika hududi, Boltiq dengizi va sharqiy chegaralarda harbiy ishtirokini kuchaytirdi.

Taklif hozircha muhokama uchun parlamentga taqdim etilgan bo‘lib, 2-aprelgacha jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qaynoq24.uz Finlyandiya Rossiya aktivlari bo‘yicha keskin bayonot bergani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.