O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Fransiyaning Milliy jarrohlik akademiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlik bo‘yicha protokol imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Fransiya tomoni 2030-yilgacha O‘zbekistondan 100 nafar jarrohni tayyorlab berishni o‘z zimmasiga oladi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.
Rejaga muvofiq, o‘zbekistonlik shifokorlar Fransiyaning yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshiradi va zamonaviy jarrohlik amaliyotlari bo‘yicha bilim va tajribaga ega bo‘ladi. Hamkorlik doirasida, shuningdek, ko‘krak bezi saratonini davolashga ixtisoslashgan O‘zbekistondan besh nafar mutaxassis joriy yil bahorida Parijdagi Pol markaziga bir oylik o‘quv amaliyotiga yuboriladi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida Gustave Roussy International brendi ostida birinchi onkologiya markazini ochish rejalashtirilmoqda. Ushbu markaz saraton kasalliklarini davolash, ilmiy tadqiqotlar olib borish va shifokorlarni tayyorlashni o‘z ichiga olgan kompleks tibbiy muassasa bo‘ladi.
Kutilishicha, joriy yil bahorida Gustave Roussy International delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, loyiha ishga tushirilishiga oid masalalarni muhokama qiladi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda yangi O‘zbek–Fransuz universiteti tashkil etilishi haqida yozgan edi.

