Janubiy Afrika respublikasining Yoxannesburg shahridada 21–22 noyabr kunlari G20 sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu safargi uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega, chunki ilk bor Afrika qit’asi sammitga mezbonlik qilmoqda.
Uchrashuvda dunyoning uch muhim yetakchisi — AQSh prezidenti Donald Tramp, Xitoy rahbari Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin qatnashmaydi. Bu holat G20 uchun muhim sinov sifatida qaralmoqda.
Tramp o‘z qarorini Janubiy Afrikada oq tanlilarga bosim borligi haqidagi da’volar bilan izohlagan. Xitoy rahbari hech qanday sabab ko‘rsatmagan, Putin esa Xalqaro jinoiy sud chiqargan order tufayli chet elga chiqishdan tiyilmoqda.
Shunga qaramay, Germaniya kansleri Fridrix Mers sammitga bormoqda. U ko‘p tomonlama hamkorlikni saqlash tarafdori va Afrikadagi davlatlar bilan muloqotni kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Germaniya rasmiylariga ko‘ra, hozirgi global siyosiy sharoit G20 uchun oson emas.
Sammit mezboni Janubiy Afrika Respublikasi kun tartibini Afrika rivoji, “yashil energetikaga” o‘tish va kambag‘al davlatlarning qarz yukini yengillashtirishga qaratgan. Aynan shu yo‘nalish Trampga yoqmagan asosiy omillardan biri bo‘lgani aytilmoqda.
G20 ichidagi ziddiyatlar sabab sammit yakunida umumiy deklaratsiya bo‘lmaydi. Faqat mezbon davlat — JAR nomidan bayonot e’lon qilinadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday vaziyat global siyosatda chuqur o‘zgarishlar ketayotganidan dalolat. BRICS+ kabi formatlar ahamiyati ortishi, “koalitsiyalar” ko‘payishi, G‘arbning ta’siri kamayishi ehtimoli oshmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri BMT iqlim sammitida yong‘in chiqqani haqida yozgan edi.

