Samsung‘ning yangi flagmani Galaxy S26 Ultra atrofidagi sizib chiqishlar kuchaymoqda. Android Headlines nashri qurilmaning rasmiyga o‘xshash renderlari va asosiy texnik tafsilotlarini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S26 Ultra dizayni tekis uslubga o‘tkazilgan. Ekran atrofidagi ramkalar yupqaroq va bir xil kenglikda bo‘ladi. Rasmiy renderlarda smartfon Cobalt Violet va qora ranglarda ko‘rsatilgan. Old panel markazda joylashgan kamera teshigi bilan ajralib turadi, korpus esa tekis, biroq yumaloqlangan burchaklarga ega. Bu yechim qurilmaga yanada muvozanatli va ixcham ko‘rinish bergan.

Orqa tomonda Samsung alohida chiqib turgan kamera modullaridan voz kechgani aytilmoqda. Kameralar yuqori chap burchakda joylashgan yagona blok ichiga birlashtirilgan. Kamera bloki hanuz biroz chiqib tursa-da, avvalgiga nisbatan silliqroq va ixchamroq ko‘rinadi. Rasmiy tasvirlarda S Pen ham aniq ko‘rinadi. Bu stylus Galaxy Ultra liniyasining asosiy afzalliklaridan biri bo‘lib qolayotganini bildiradi. Taqdimotda yana boshqa ranglar ham bo‘lishi mumkin, ammo hozircha faqat ikki variant namoyish etilgan.
Texnik jihatdan Galaxy S26 Ultra 6,9 dyuymli QHD+ Dynamic AMOLED displey bilan jihozlanishi kutilmoqda. Smartfon Android 16 asosidagi One UI 8.5 interfeysida ishlaydi. Qurilmaga Qualcomm’ning Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori o‘rnatilishi mumkin. Ichki xotira kamida 256 GB bo‘lishi aytilmoqda. Model qalinligi taxminan 7,9 mm, vazni esa 214 grammni tashkil etadi. Batareya sig‘imi 5 000 mA/soat bo‘lib, simsiz quvvat uzatish funksiyasi ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Kamera tizimi 200 megapikselli asosiy sensor, 50 megapikselli keng burchakli modul, 10 megapikselli telefoto va 50 megapikselli periskop telefoto kameradan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Old kamera esa 12 megapikselli bo‘lishi mumkin.
Samsung Galaxy S26 Ultra’ni Galaxy S26, S26+ va Galaxy Buds 4 bilan birga 25-fevral kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Galaxy Unpacked tadbirida taqdim etishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 taqdimoti belgilangani haqida yozgan edi.

