Germaniya harbiylari Tramp tahdidlari fonida Grenlandiyani tark etdi

Foto: United24 Media
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Germaniyaning Bundesver tarkibidagi 15 nafar harbiy xizmatchi 18-yanvar kuni Grenlandiyani tark etdi. Bu haqda DW ma’lum qildi. Voqea AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniyaga nisbatan boj joriy etish bilan tahdid qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Bundesver operativ qo‘mondonligi vakiliga ko‘ra, harbiylar Grenlandiyada razvedka missiyasini amalga oshirgan. U missiya muddatidan oldin to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, razvedka reja asosida yakunlangan va hozirda uning natijalari Germaniyada baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, nemis harbiylari Grenlandiyadan avval Reykyavikka, u yerdan esa Kopengagenga uchib ketgan. Germaniya Mudofaa vazirligi avvalroq missiya 15–17-yanvar kunlari o‘tkazilishini bildirgan edi. Keyinchalik vazirlik missiya davomiyligi aniq belgilanmaganini ham ta’kidladi.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Bundesver missiyasi Grenlandiyada taxminan 44 soat davom etgan. Dastlab ayrim nashrlar harbiylar “shoshilinch va yashirin tarzda” orolni tark etgani haqida yozgan. Biroq keyinroq bu ma’lumotlar tuzatilib, Mudofaa vazirligi izohi e’lon qilindi.

Rasmiylarga ko‘ra, 18-yanvarga rejalashtirilgan qo‘shimcha safar noqulay ob-havo sabab bekor qilingan. Shu bois harbiylar Grenlandiyani ertalabroq tark etishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq Donald Tramp Daniyani qo‘llab-quvvatlagani uchun Germaniyaga bosim o‘tkazishi va boj choralarini ko‘rishini bildirgan edi. Shu sababli, harbiylarning ketishi siyosiy fon bilan bog‘lab talqin qilinmoqda.

Qaynoq24.uz Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilson agar AQSh va Daniya o‘rtasida tanlov qilish zarurati tug‘ilsa, Grenlandiya hozir va ayni paytda Daniyani tanlashini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.