Green Card yaqinda ochiladi: kimlar ariza bera oladi va asosiy talablar

Foto: AQShning Tojikistondagi elchixonasi
Jonibek Juraqulov
5 Daqiqa o‘qish

Green Card lotereyasi (rasmiy nomi Diversity Visa Lottery yoki DV dasturi) — AQSh hukumatining har yili o‘tkaziladigan immigratsiya dasturi bo‘lib, u doimiy yashash huquqini beruvchi 55 mingtagacha vizani taqdim etadi. Dastur maqsadi — AQShga migratsiya darajasi past bo‘lgan davlatlar fuqarolariga imkoniyat yaratish va immigratsion oqimni geografik jihatdan xilma-xil qilishdir. Qaynoq24.uz nashri Mandarin ruknida Green Card arizasi bo‘yicha talablar va muhim jihatlarini taqdim etadi.

Har yili dunyo bo‘yicha 20 milliondan ortiq kishi lotereyada ishtirok etadi, biroq ulardan atigi 55 ming nafari g‘olib bo‘ladi. Bu taxminan 0,25 foiz — ya’ni 1:400 ehtimol degani.

DV-2025 natijalari

Green Card qachon ochiladi
Foto: Boundless Immigration

AQSh Davlat departamenti DV-2025 lotereyasi (natijalari 2024-yil may oyida e’lon qilingan) bo‘yicha 131 mingdan ziyod nomzodni tasodifiy tanlab oldi. Bu raqam har yili belgilanadigan 55 ming kvotadan ko‘proq bo‘lishi — vizalarni to‘liq taqsimlashni ta’minlash uchun qo‘llaniladigan mexanizm. Chunki g‘olib bo‘lganlarning barchasi ham viza ololmaydi.

O‘zbekiston bu yil ham yetakchilikni davom ettirdi: DV-2025 lotereyasida 5 564 nafar o‘zbekistonlik g‘olib qayd etildi. Bu butun dunyo bo‘yicha eng yuqori natija.

Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning DV lotereyasi bo‘yicha eng faol va eng omadli davlatlar qatorida ekanini tasdiqlaydi.

DV lotereyasida kimlar qatnasha oladi?

Green Card qachon ochiladi
Foto: Ochiq manba

Ariza topshirish uchun ikki asosiy talab mavjud.

  1. Fuqarolik / tug‘ilgan davlat talabi

Nomzod AQShga migratsiya darajasi past bo‘lgan davlatda tug‘ilgan bo‘lishi kerak. AQSh departamenti har yili qaysi davlatlar qatnasha olmasligini e’lon qiladi (masalan, Hindiston, Xitoy, Meksika kabi AQShga ko‘chib ketish sur’ati yuqori bo‘lgan mamlakatlar).

O‘zbekiston fuqarolari DV dasturida qatnashish huquqiga ega — O‘zbekiston migratsiya ko‘rsatkichi past davlatlar ro‘yxatida.

  1. Ta’lim yoki ish tajribasi talabi

Nomzod quyidagi mezonlardan biriga javob berishi shart:

– 11 yillik maktab (to‘liq o‘rta ta’lim) diplomi mavjud bo‘lishi, yoki – So‘nggi 5 yil ichida kamida 2 yil davomida malaka talab qiladigan kasbda ishlagan bo‘lishi.

Yosh bo‘yicha cheklov yo‘q, ammo amalda to‘liq o‘rta ta’lim talabi sabab asosan 18 yoshdan yuqorilar qatnashadi.

Ariza topshirish tartibi

Qachon?

Arizalar har yili kuzda, odatda oktabr–noyabr oylarida qabul qilinadi. Masalan: DV-2025 uchun 2023 yil 4 oktabr — 7 noyabr oralig‘ida.

Qayerda?

Faqat bitta rasmiy manzil mavjud: dvprogram.state.gov

Narxi

Lotereyada ishtirok narxi 1 dollarni tashkil qiladi. U elektron ro‘yxatga olish to‘lov sifatida joiy etildi.

Ariza to‘ldirish jarayoni

Nomzod DS-5501 elektron formasini ingliz tilida to‘ldiradi. Unda:

  • ism-familiya
  • tug‘ilgan sana
  • yashash manzili
  • elektron pochta
  • oilaviy holat
  • farzandlar haqida ma’lumot
Foto: You Tube

Fotosurat talablari juda qat’iy. Surat oq fonda, yuqori sifatli va oxirgi 6 oy ichida olingan bo‘lishi shart. Eski suratni qayta yuborish taqiqlanadi.

Arizada turmush o‘rtog‘i va 21 yoshgacha bo‘lgan barcha farzandlar ko‘rsatilishi majburiy.

Natijalarni tekshirish

Foto: Ochiq manbalar

Faqat rasmiy sayt orqali: Entrant Status Check

AQSh Davlat departamenti hech qachon g‘oliblarni email yoki SMS orqali xabardor qilmaydi. Bu firibgarlardan himoyalanish uchun joriy qilingan. Tasdiqlash raqamini yo‘qotmaslik juda muhim.

Eng ko‘p uchraydigan xatolar

  1. Bir kishi tomonidan ikki marta ariza topshirish

Bu — 100% diskvalifikatsiya. Kichik xato qilsangiz ham arizani ikkinchi bor yuborish mumkin emas.

  1. Shaxsiy ma’lumotlarda xatolar

Pasport dagi ma’lumotlar bilan mos bo‘lmagan har qanday xato keyinchalik — intervyuda — muammo keltirib chiqarishi mumkin.

  1. Rasmiy bo‘lmagan saytlardan foydalanish

Uchinchi tomon saytlar arizani noto‘g‘ri to‘ldirishi yoki tasdiqlash raqamini yashirishi mumkin. Faqat rasmiy sayt orqali o‘zingiz topshiring.

  1. Oila a’zolarini noto‘g‘ri ko‘rsatish

Masalan, rasmiy ajrashmagan holda “separated/divorced” deb belgilash deyarli doimiy rad javobiga olib keladi.

  1. Fotosurat talablari buzilishi

Eng keng tarqalgan xato. Fond, o‘lcham, yorug‘lik yoki yangiligi talabga mos bo‘lmasa — ariza avtomatik rad etiladi.

G‘olib bo‘lganingizdan keyingi bosqichlar

Foto: Ochiq manbalar
  1. DS-260 formasi

G‘oliblar darhol immigratsion viza formasini to‘ldiradi.

  1. Hujjatlar va tibbiy ko‘rik

Barcha rasmiy hujjatlar (diplom, tug‘ilganlik guvohnomasi, nikoh hujjatlari, ma’lumotnomalar) to‘planadi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tiladi.

  1. Elchixonadagi intervyu

AQSh konsuli:

– ta’lim yoki ish tajribasi shartlariga moslikni – migratsion tarixni – jinoyatchilik yo‘qligini

tekshiradi. Hamma narsa joyida bo‘lsa, immigratsion viza beriladi.

Vizani rasmiylashtirish uchun konsullik to‘lovi — taxminan $330.

  1. AQShga kirish va rezidentlik

AQShga birinchi kirgan kuningizdan boshlab siz doimiy rezident maqomiga ega bo‘lasiz.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri AQSh «Lukoil” kompaniyasiga qo‘yilgan sanksiyalar bo‘yicha imtiyozni uzaytirgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.