Yashnobod tumani hokimiyati blogerga daraxt ekkani uchun jarima solingani haqidagi xabarlarni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, faol Arsen Avanesyanga nisbatan qo‘llangan 82,4 mln so‘mlik jarima hududni ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq emas.
Hokimiyat izohiga ko‘ra, jarima 360 kvadrat metr davlat yerini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani uchun rasmiylashtirilgan. Tekshiruv jarayonida Avanesyan hududni metall panjara bilan to‘sib qo‘ygani, soyabon qurgani, budka o‘rnatgani hamda ruxsatsiz ovqatlanish shoxobchasi tashkil etgani aniqlangan.
Ma’muriyat vakillari davlat yerida tadbirkorlik faoliyati faqat auksion orqali huquq qo‘lga kiritilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, hokimiyat Avanesyan tomonidan ekilgan 246 tup daraxt va butalar saqlab qolinishini va’da qildi. Obodonlashtirilgan hudud mahalla tarkibida qoladi, ko‘chatlar kesilmaydi. Rasmiylar yashil hududlar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashini, biroq bunday joylar barcha aholi uchun ochiq bo‘lishi va qonuniy rasmiylashtirilishi lozimligini bildirdi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda 10 mingga yaqin chiqindi bilan bog‘liq huquqbuzarlik aniqlangani haqida yozgan edi.

