Honor kompaniyasining yangi Honor 600 va 600 Pro smartfonlari taqdimotdan oldin sizib chiqdi. Qurilmalarning renderlari internetda paydo bo‘lib, ularning dizayni darhol iPhone 17 Pro bilan taqqoslanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikkala model ham orqa panel bo‘ylab cho‘zilgan keng kamera paneliga ega. Ushbu yechim iPhone’ning yangi dizayniga juda o‘xshash. Kamera blokida linzalar, flesh va fokus elementlari bir qatorda joylashgan.

Smartfonlar 6,57 dyuymli 1.5K OLED displey bilan jihozlanadi. Ekran yangilanish chastotasi 120 Hz bo‘ladi. Old panelda esa bitta kamera uchun kichik teshik mavjud. Kamera imkoniyatlari ham e’tiborga molik. Ikkala modelda ham 200 MP asosiy kamera va optik stabilizatsiya bo‘ladi. Oddiy versiya ikkita kamera bilan cheklanadi, Pro model esa qo‘shimcha telefoto modul oladi.
Eng katta yangiliklardan biri — batareya sig‘imi. Qurilmalarda 9000 mAh akkumulyator bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘z segmenti uchun juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, smartfonlar metall ramka va shisha korpus bilan taqdim etiladi. Yon tomonida alohida AI tugmasi ham joylashadi. Rang variantlari qora, oltin va to‘q sariq bo‘lishi mumkin.

Texnik jihatdan qurilmalar Snapdragon 8 seriyasidagi chip bilan chiqishi kutilmoqda. Biroq ayrim testlarda oddiy model Snapdragon 7 Gen 4 bilan ko‘rinish bergan. Bu masala hozircha aniq emas.
Qaynoq24.uz Honor 600 smartfonlari qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

