Honor kompaniyasining omadsiz smartfonlari

Foto: SChMP
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Xitoyning Huawei’ga qarashli Honor brendi mustaqil ishlab chiqaruvchi sifatida bozorga qaytgach, qisqa vaqt ichida yosh foydalanuvchilar orasida mashhurlikka erishdi. Biroq so‘nggi yillarda kompaniyaning global bozordagi raqobati keskinlashdi. Tahlilchilarga ko‘ra, 2025-yilning birinchi choragida Honor smartfon yetkazib berish hajmini o‘tgan yilga nisbatan taxminan besh foizga qisqartirgan. Ushbu maqolada Honor kompaniyasining omadsiz smartfonlari va ularning sabalari keltiriladi.

Honor 7S

Honor 7S budjet segmentiga mo‘ljallangan eng arzon Android smartfonlardan biri sifatida taqdim etilgan. Biroq model global bozorda deyarli ijobiy baho ola olmadi. Mutaxassislar telefonning unumdorligi pastligini asosiy kamchilik sifatida qayd etgan. Qurilma interfeysda harakatlanishda sekin ishlaydi, klaviatura kechikib ochiladi va oddiy buyruqlarga javob berishi sust.

Foto: CNET

Kam quvvatli protsessor va cheklangan operativ xotira sababli Honor 7S kundalik foydalanishda ham qulaylik bera olmadi. Natijada model foydalanuvchilar orasida salbiy fikrlar yig‘ib, keng sotuvga chiqa olmadi.

Honor X9 5G

Honor X9 5G o‘rta sinf smartfoni sifatida katta ekran va sig‘imli batareyaga ega bo‘lib, dastlab e’tibor qozongan. Shunga qaramay, qurilma amaliy foydalanishda ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Sharhlovchilarga ko‘ra, telefon dizayni va asosiy texnik ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lsa-da, kamera sifati va ovoz tizimi raqobatchilardan sezilarli darajada ortda qolgan.

Foto: Android police

Kuchli batareya va tezkor zaryadlash mavjudligiga qaramay, kamera va karnay sifati pastligi X9 5G’ning umumiy taassurotini susaytirdi. Natijada model global bozorda barqaror talabni shakllantira olmadi.

Honor 400 Lite

Honor 400 Lite byudjet segmentida dizayni bilan ajralib turdi. Qurilmaning tashqi ko‘rinishi iPhone’ni eslatishi va ekranidagi “Dynamic Island” uslubidagi yechim e’tibor tortdi. Ammo tashqi yangiliklar ichki imkoniyatlar bilan mos kelmadi.

Foto: Honor

Sharhlarda qayd etilishicha, smartfon unumdorligi va kamera sifati bo‘yicha o‘z sinfidagi raqobatchilardan ortda qoladi. Qurilma sekin ishlaydi, kamera tizimi esa yetarli darajada pishmagan. Shu sababli Honor 400 Lite ham bozorda mustahkam o‘rin egallay olmadi.

Honor Magic 8 seriyasi

Honor’ning flagman yo‘nalishidagi Magic 8 seriyasi ham kutilgan natijani bermadi. Norasmiy manbalarga ko‘ra, seriyaning dastlabki savdolari avvalgi Magic 7 avlodiga nisbatan ancha past bo‘lgan. Bu holat brend uchun jiddiy signal sifatida baholandi.

Tahlilchilarning fikricha, Magic 8 Pro avvalgi modelga nisbatan sezilarli texnologik sakrash taklif eta olmadi. Kamera imkoniyatlari biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, umumiy innovatsiya yetishmadi. Shu bilan birga, marketing strategiyasining sustligi ham global qabul qilinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Qaynoq24.uz omadsiz Samsung smartfonlari haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.