Honor kompaniyasi Magic 8 smartfonlar seriyasini Yevropa bozorida ham sotuvga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rasmiy taqdimot arafasida Honor Magic 8 Pro smartfoni Yevropa uchun mo‘ljallangan narxlari internetda sizib chiqdi.
X ijtimoiy tarmog‘idagi RODENT950 taxallusli insayderga ko‘ra, Honor Magic 8 Pro smartfoni Yevropada 1 199 yevrodan 1 299 yevrogacha bo‘lgan narxda sotuvga chiqadi. Narxlar xotira hajmi yoki hududiy farqlarga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etilmoqda. Ayni paytda bu tafsilotlar rasman tasdiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, Malayziya bozorida qurilma ikki konfiguratsiyada taklif etilgan. Birinchi variant 12 GB tezkor va 512 GB doimiy xotiraga ega. Ikkinchi variant esa 16 GB RAM va 1 TB ichki xotira bilan taqdim etilgan. Agar sizib chiqqan ma’lumotlar tasdiqlansa, Yevropada Magic 8 Pro‘ning boshlang‘ich narxi 1 199 yevro bo‘ladi.
Honor Magic 8 Pro‘ning global versiyasi 7 100 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Qurilma 100 Vt simli va 80 Vt simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy bozoriga mo‘ljallangan modelda esa batareya biroz kattaroq bo‘lib, 7 200 mA/soatni tashkil etadi va 120 Vt simli quvvatlash imkoniyatiga ega. Qolgan texnik jihatlar deyarli bir xil.
Smartfon Android 16 asosidagi MagicOS 10 operatsion tizimida ishlaydi. U 6,71 dyuymli LTPO OLED displeyga ega bo‘lib, ekran 1,5K aniqlikda, 120 Gts yangilanish chastotasini ta’minlaydi. Honor ma’lumotiga ko‘ra, displey maksimal HDR yorqinlikda 6 000 nitgacha yetadi.

Qurilma eng yangi Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori va Adreno 840 grafik tezlatkichi bilan jihozlangan. Smartfon 16 GB gacha tezkor va 1 TB gacha doimiy xotira variantlarida taklif etiladi.
Kamera imkoniyatlariga to‘xtalsak, Honor Magic 8 Pro 200 megapikselli asosiy sensor bilan ta’minlangan. U 3,7 karra optik va 100 karra raqamli zumni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 50 megapikselli keng burchakli kamera va CIPA 5.5 stabilizatsiyasiga ega yana bir 50 megapikselli sensor mavjud. Old kamera esa 50 megapiksel va 3D chuqurlik sensori bilan jihozlangan.
Smartfon IP68, IP69 va IP69K darajadagi chang va suvdan himoya sertifikatlariga ega. Qurilmada ultratovushli barmoq izi skaneri ham o‘rnatilgan. Uning o‘lchamlari 161,15 × 75 × 8,32 millimetrni, vazni esa 219 grammni tashkil etadi.
Honor Magic 8 Pro‘ning Yevropa bozoridagi rasmiy taqdimoti yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz eng yaxshi Honor smartfonlari haqida yozgan edi.

