Honor kompaniyasi tomonidan yangi Honor Power 2 smartfoni taqdim etildi. Qurilma bozorda o‘n ming mA/soatdan yuqori sig‘imli akkumulyator olgan ilk ommaviy smartfon sifatida e’lon qilindi.
Model 10 080 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, smartfon 26 soatdan ortiq video tomosha qilish, 17 soat navigatsiya va 14 soat o‘yin rejimida ishlay oladi.
Qurilma 80 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 27 Vt quvvatga ega reversiv zaryadlash funksiyasi ham mavjud. Katta batareyaga qaramay, korpus qalinligi 8 millimetrni tashkil etadi va og‘irligi 216 gramm.

Honor Power 2 smartfoni Dimensity 8500 Elite protsessori asosida ishlaydi. Smartfon 12 GB tezkor xotira hamda 256 yoki 512 GB ichki xotira bilan taklif etiladi. Xotira LPDDR5X va UFS 4.1 standartlariga mos keladi.
AMOLED ekran diagonali 6,8 dyuym bo‘lib, 1200p aniqlik va 120 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Displeyning maksimal yorqinligi 8000 nitni tashkil etadi va 3840 Gts PWM chastotasi bilan jihozlangan.
Model suv va changdan IP69K darajasida himoyalangan. Asosiy kamera 50 megapikselli bo‘lib, unga 5 megapikselli keng burchakli modul hamrohlik qiladi. Qurilma MagicOS 10 interfeysi va Android 16 operatsion tizimi asosida ishlaydi.
Power2 hozircha Xitoy bozorida sotuvga chiqarildi. Smartfonning boshlang‘ich narxi 385 dollar etib belgilangan.
Qaynoq24.uz eng yaxshi Honor smartfonlari haqida yozgan edi.

