Honor yaqin kunlarda Xitoyda Honor Win nomli gaming noutbukni taqdim etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, uning yangi smartfoni — Honor Win 2 haqida ham dastlabki ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Insayderlarga ko‘ra, yangi model 6,89 dyuymli tekis displey bilan jihozlanadi. Ekran 2K ruxsat va 185 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkichlar uni o‘yin uchun mo‘ljallangan flagman qurilmalar qatoriga olib chiqadi.
Eng katta e’tibor batareyaga qaratilgan. Qurilmada avvalgi modeldagi kabi 10 000 mAh sig‘imli akkumulyator saqlanib qolishi kutilmoqda. Bu smartfonlar orasida juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Yangi modelda ultratovushli barmoq izi skaneri hamda IP68/IP69 darajasidagi suv va changdan himoya ham bo‘lishi mumkin. Bu esa qurilmaning chidamliligini oshiradi.
Ishlash tezligi bo‘yicha esa smartfon hali taqdim etilmagan Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipiga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa oldingi avlodga nisbatan yangilanish bo‘ladi. Taqqoslash uchun, birinchi Honor Win modeli 6,83 dyuymli AMOLED ekran, 185 Hz yangilanish tezligi va Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan chiqqan edi. Qurilmada uzoq o‘yin vaqtida qizib ketmaslik uchun ichki sovutish ventilyatori ham mavjud.
Kamera tizimi uch moduldan iborat bo‘lib, 50 MP asosiy kamera, 50 MP telefoto (3x zoom) va 12 MP ultra keng burchakli sensorni o‘z ichiga oladi. Batareya esa 100 W simli, 80 W simsiz va teskari zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Hozircha Honor Win 2 ning rasmiy taqdimot sanasi e’lon qilinmagan. Biroq kompaniya shu oy yangi qurilmalarni namoyish etishi kutilayotgani sababli, smartfon ham shu tadbirda taqdim etilishi mumkin.
Qaynoq24.uz Honor 600 seriyasi qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

