Honor kompaniyasi flagman Magic 8 liniyasini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirgan. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Mavjud Magic 8 Lite, Magic 8 va Magic 8 Pro modellari qatoriga yaqin vaqt ichida yana uchta yangi smartfon qo‘shiladi.
Ixcham Honor Magic 8S
Manbalarga ko‘ra, Magic 8S ixcham formatni afzal ko‘ruvchilar uchun mo‘ljallangan. Qurilma MediaTek Dimensity 9500 protsessori, 6,3 dyuymli tekis OLED displey va 1,5K aniqlik bilan jihozlanadi. Smartfon ultratovushli barmoq izi skaneri, metall ramka va to‘rt rangda — oq, qora, to‘q sariq hamda binafsha ranglarda taqdim etilishi kutilmoqda.

Ultrayupqa Honor Magic 8 Air
Eng katta qiziqish uyg‘otayotgan model — Honor Magic 8 Air. Insayder ma’lumotlariga ko‘ra, uning qalinligi atigi 5–6 millimetr bo‘ladi. Shunga qaramay, qurilma 5500 mA·soat sig‘imli batareya, 200 megapikselli kamera va teleobyektiv bilan ta’minlanadi. Displey diagonali 6,31 dyuymni tashkil etadi. Dizayn jihatidan esa, yangi model Honor 500 seriyasiga qaraganda Apple uslubiga yanada yaqinroq bo‘lishi aytilmoqda.
Honor Magic 8 RSR Porsche Design
Yana bir yangilik — Magic 8 RSR Porsche Design. Bu model an’anaga ko‘ra Magic 8 Pro‘ning “lyuks” talqini bo‘lib, dizayn va premium materiallar bilan ajralib turadi. RSR versiyasi Magic 8 oilasidagi eng yuqori darajadagi smartfon sifatida joylashtiriladi.
Qachon taqdim etiladi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Honor Magic 8 Air va Magic 8 RSR Porsche Design smartfonlarining rasmiy taqdimoti 2026 yil yanvar oyining ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Magic 8S modeli ham ayni davrda yoki biroz keyinroq e’lon qilinishi mumkin.
Qaynoq24.uz Honor yangi Robot smartfonini taqdim etishi haqida yozgan edi.

