Huawei Nova 15 smartfonlar seriyasi taqdimotiga aniqlik kiritildi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Kompaniya yangi qurilmalar dizaynini namoyish etuvchi rasmiy tizerlarni e’lon qildi va taqdimot sanasini tasdiqladi.
Huawei’ning ma’lum qilishicha, Nova 15 seriyasi Xitoyda 22-dekabr kuni rasman taqdim etiladi. Hozircha ushbu smartfonlar global bozorlarda sotuvga chiqishi yoki faqat Xitoy bilan cheklanishi borasida aniq ma’lumot berilmagan.
E’lon qilingan rasmiy tasvirlar Nova 15 Ultra modelining yangilangan dizaynini ko‘rsatmoqda. Smartfon orqa qismida to‘rtburchak shakldagi kamera bloki joylashgan bo‘lib, uning ichida ikkita alohida dumaloq modul mavjud. Ulardan birida uchta asosiy kamera joylashgan bo‘lsa, ikkinchisida LED chaqnoq va “XD Portrait” yozuvi aks etgan. Ushbu dizayn qurilmaga yanada zamonaviy va premium ko‘rinish bag‘ishlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nova 15 seriyasining boshqa modellari ham shu dizayn tilidan foydalanishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, Nova 15 seriyasi uchta modeldan iborat bo‘ladi: Nova 15, Nova 15 Pro va Nova 15 Ultra. Oddiy Nova 15 modeli 6,7 dyuymli ekran bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Pro versiyasi esa 6,84 dyuymli kattaroq displeyga ega bo‘lishi mumkin. Har ikki model 1,5K aniqlikdagi LTPO OLED panellar bilan jihozlanib, silliq tasvir va energiya tejamkorligini ta’minlaydi.
Kamera imkoniyatlariga kelsak, Nova 15 Pro old qismida 50 va 8 megapikselli datchiklardan iborat ikki kamerali selfi tizimiga ega bo‘lishi mumkin. Oddiy Nova 15 esa 50 megapikselli yagona old kamera bilan cheklanishi kutilmoqda. Orqa kameralar tizimida Pro modelda 50 megapikselli asosiy kamera, 50 megapikselli periskop telefoto obyektiv, ultra keng burchakli kamera va rang aniqligini yaxshilovchi multispektral sensor bo‘lishi aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nova 15 seriyasining barcha uch modeli 5700 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi.
Qaynoq24.uz Huawei Mate 80 va Mate 80 Pro modellarini taqqoslagan edi.

