Indoneziyada kuchli yog‘ingarchilik va tropik “Senyar” bo‘roni oqibatida yuzaga kelgan halokatli suv toshqinlari qurbonlari soni 442 nafarga yetdi. Yuzlab odamlar jarohatlangan, minglab fuqarolar esa hayotiy zarur oziq-ovqat va ichimlik suviga muhtoj qolmoqda.
Qutqaruvchilar eng ko‘p zarar ko‘rgan Sumatra orolida qolib ketgan aholiga yetib borishga harakat qilmoqda. Ko‘plab hududlarda yo‘llar vayron bo‘lgan, ko‘priklar qulab tushgan va butun qishloqlar suv ostida qolgan. Ayrim joylarda odamlar oxirgi ikki-uch kun davomida ovqat yemaganini aytishmoqda.
Eng og‘ir vaziyat Aceh viloyatida kuzatilmoqda — bu yerda hali ham ko‘plab oilalar yordam olmagan. Minglab uylar oqimda oqib ketgan, yuzlab binolar butkul suv ostida qolgan.
Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto shimoliy Sumatrada zarar ko‘rgan hududlarni ko‘zdan kechirmoqda. Uning safari fonida fuqarolik jamiyati tashkilotlari hukumatni Sumatrada favqulodda holat e’lon qilishga chaqirmoqda, chunki yordam ko‘rsatish ishlari sekin bormoqda.
Shuningdek, kuchli yomg‘irlar va bo‘ronlar nafaqat Indoneziyani, balki Tailand, Malayziya, Filippin va Shri-Lankani ham qamrab olgani aytilmoqda. Osiyo bo‘ylab bu oy davomida 900 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
Qaynoq24.uz Indoneziyada halokatli suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

