Indoneziyaning Shimoliy Sulavesi provinsiyasida jala yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan to‘satdan suv toshqinlari kamida 16 kishi halok bo‘ldi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, bir necha kun davom etgan musson yomg‘irlari daryolarning qirg‘oqlaridan chiqishiga olib kelgan. Natijada loy, tosh va chiqindilar aralash kuchli suv oqimi Siau Tagulandang Biaro tumanidagi bir qator qishloqlarni bosib qolgan.
Milliy favqulodda vaziyatlarni boshqarish agentligi vakili Abdul Muhari so‘zlariga ko‘ra, suv oqimi odamlarni olib ketgan, ko‘plab uy-joylar butunlay suv ostida qolgan. Qutqaruv ishlariga politsiya va harbiylar jalb etilgan, biroq ayrim hududlarda yo‘llarning vayron bo‘lishi va aloqa uzilishi ishlarni qiyinlashtirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kamida yetti uy oqim bilan yuvilib ketgan, 140 dan ortiq uy zarar ko‘rgan. Suv toshqinlari sabab 680 nafardan ziyod aholi vaqtinchalik boshpanalarga, jumladan cherkovlar va jamoat binolariga joylashtirilgan.
Qidiruv-qutqaruv xizmati vakillari suv chekingach, 16 nafar qurbonning jasadi topilganini, yana uch nafar fuqaro bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Tuman rahbari Chyntia Ingrid Kalangit yordam yetkazish va infratuzilmani tiklash ishlarini tezlashtirish maqsadida 14 kunlik favqulodda holat e’lon qildi.
Rasmiylar aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish haqida ogohlantirib, yog‘ingarchilik davom etishi yangi suv toshqinlari va ko‘chkilarga olib kelishi mumkinligini bildirdi.
Qaynoq24.uz Indoneziyada kuchli suv toshqinlari qurbonlari soni mingdan oshgani haqida yozgan edi.

