Infinix kompaniyasi Pininfarina bilan hamkorlikda yaratilgan yangi NOTE 60 Ultra flagman smartfonini namoyish etdi. U Barselonada o‘tayotgan MWC 2026 ko‘rgazmasida taqdim qilindi.
Yangi smartfon dizayn jihatidan boshqa telefonlardan sezilarli farq qiladi. Qurilmada kameraning odatiy bo‘rtib chiqadigan moduli yo‘q. Infinix Uni-Chassis Cam Module deb nomlangan yechimdan foydalangan. Kamera moduli Corning Gorilla Glass Victus oynasi bilan yagona panel sifatida joylashtirilgan. Shu sababli telefon orqa qismi tekis va silliq ko‘rinishga ega.
Model dizaynida Pininfarina’ning avtomobil uslubi ham seziladi. Smartfon Torino Black, Monza Red, Amalfi Blue va Roma Silver ranglarida taklif qilinadi. Bu ranglar Italiya avtosporti va madaniyatidan ilhomlangan.
NOTE 60 Ultra orqa panelida yorug‘lik effekti beruvchi LED chiziq ham mavjud. Qurilma yoqilganda bu chiziq “taillight” uslubida yonadi. Bundan tashqari, orqa panelda yashirin Active Matrix Display joylashtirilgan bo‘lib, u bildirishnomalar va animatsiyalarni ko‘rsatadi.
Texnik xususiyatlar

Smartfon 200 megapikselli Samsung ISOCELL HPE asosiy kamera bilan jihozlangan. Kamera tizimi uch moduldan iborat. Unga 50 MP periskop telefoto va 112 gradusli ultra keng burchakli kamera ham qo‘shilgan. Qurilma XDR Ultra HDR formatida suratga olishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi modelning eng qiziqarli funksiyalaridan biri sun’iy yo‘ldosh orqali qo‘ng‘iroq va xabar yuborish imkoniyatidir. Telefon mobil tarmoq mavjud bo‘lmagan hududlarda ham sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa qilish imkonini beradi.
NOTE 60 Ultra MediaTek Dimensity 8400 Ultimate protsessori bilan ishlaydi. Qurilmada 144 Hz yangilanish chastotasiga ega 1,5K ekran o‘rnatilgan. Maksimal yorqinlik darajasi 4500 nit ga yetadi. Stereo karnaylar esa JBL tomonidan sozlangan.
Smartfon 7000 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerod batareyaga ega. Unda Battery Self-Healing texnologiyasi qo‘llanilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, har 200 ta zaryad siklidan keyin batareya sig‘imi 1 foizgacha tiklanishi mumkin.
Qurilma 100 Vt tez zaryadlash va 50 Vt simsiz zaryadlash imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Telefonni 1 foizdan to‘liq zaryadlash taxminan 48 daqiqa vaqt oladi. NOTE 60 Ultra faqat bitta konfiguratsiyada taklif qilinadi. Smartfon 12 GB operativ xotira va 256 GB ichki xotira bilan sotiladi. Qurilma Android 16 asosidagi XOS 16 tizimida ishlaydi.
Infinix smartfon uchun 3 yil operatsion tizim yangilanishi va 5 yil xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilgan.
Qaynoq24.uz Infinix NOTE Edge smartfoni haqida yozgan edi.

