Bu haqda xorijiy nashrlar xabar bermoqda. Business of Design Week 2025 tadbirida Infinix kutilmagan yangilikni e’lon qildi. Kompaniya mashhur italiyalik dizayn studiyasi Pininfarina bilan to‘liq hamkorlikni boshladi. Mazkur hamkorlikning birinchi mahsuli sifatida Infinix Note 60 Ultra taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Taniqli Ferrari Testarossa va Alfa Romeo modellarining yaratuvchisi bo‘lgan Pininfarina ilk bor smartfon dizayni ustida ishlamoqda. Deyarli bir asrlik dizayn tajribasiga ega studiya Infinix’ning yangi flagmanlariga nafis chiziqlar, emotsional ko‘rinish va zamonaviy minimalizm ruhini olib kirishi aytilmoqda. NOTE 60 Ultra haqida texnik ma’lumotlar oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, dizayn ustida to‘liq Pininfarina jamoasi ishlayotgani tasdiqlandi.

IDC hisobotlariga ko‘ra, Infinix 2025-yilning ikkinchi choragida Janubi-Sharqiy Osiyoda eng katta o‘sishga erishgan brendlardan biri bo‘ldi. Kompaniya rahbari Toni Chjao bu hamkorlik Infinix’ning premium segmentga chiqishida muhim qadam ekanini qayd etdi. Unga ko‘ra, Pininfarina bilan loyihalar davomli bo‘lib, kelajakdagi flagmanlar dizayni aynan shu uslub asosida shakllanadi.
Pininfarina vakili Fabio Kalorio smartfonlarni kundalik hayotda eng ko‘p foydalaniladigan obyektlardan biri sifatida baholab, ularning nafaqat qulay, balki estetik jozibador bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Studiya avval ham avtomobil, aviatsiya, mebel va boshqa sohalarda ishlagan bo‘lsa-da, smartfonlar ular uchun yangi, yanada shaxsiy va murakkab dizayn maydoni bo‘lmoqda.
Infinix Note 60 Ultra yaqin kunlarda taqdim etilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz POCO C85 5G qanday xususiyatlar bilan chiqqani haqida yozgan edi.

