Xitoyda iPhone Air 30 foizlik chegirmadan so‘ng qisqa fursatda sotilib ketdi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Apple yangi iPhone’lar uchun narxni odatda tez pasaytirmaydi. Ammo bu safar kompaniya Xitoy bozorida iPhone Air’ga Yangi yil arafasida katta chegirma taqdim etdi. Natijada qurilma yirik savdo platformalaridan birida to‘liq sotilib ketdi.
Apple’ning rasmiy Tmall do‘koni hamda JD.com savdo maydonchasi iPhone Air’ning 256 GB talqiniga 2 000 yuan chegirma berdi. Davlat subsidiyasi qo‘llangach, smartfon narxi 5 499 yuangacha tushdi. Bu taxminan 790 dollarga teng.

Taqqoslash uchun, iPhone Air’ning boshlang‘ich narxi 7 999 yuan edi. Umumiy chegirma 2 500 yuanni yoki 30 foizdan ortiqni tashkil etdi. Yangi chiqqan iPhone uchun bunday pasayish noodatiy holat hisoblanadi.
Narxning keskin tushirilishi iPhone Air’ning kutilganidan past savdolari bilan izohlanmoqda. IDC tadqiqotlariga ko‘ra, model savdosi ilk haftalarda Apple kutgan eng yuqori ko‘rsatkichlarning atigi uchdan bir qismiga yetgan. Shundan so‘ng kompaniya mazkur model ishlab chiqarish hajmini qariyb ikki baravarga qisqartirgani aytiladi.
Chegirma esa vaziyatni o‘zgartirdi. JD.com saytida 256 GB iPhone Air hozirda “sotilib ketgan” degan belgi bilan ko‘rsatilmoqda. Yetkazib berish muddati fevral oyiga surilgan. Apple’ning Tmall’dagi rasmiy do‘konida esa qurilma hali mavjud bo‘lib, yetkazib berish 6 kun ichida amalga oshirilishi aytilgan.
iPhone Air dizayni bilan e’tibor tortmoqda. Smartfon 5,6 mm qalinlikka ega va og‘irligi 165 grammni tashkil etadi. Qurilma A19 Pro chipida ishlaydi va 120 Hz yangilanish tezligiga ega ekranga ega. Kamera bloki bitta 48 MP moduldan iborat. Batareya sig‘imi 3 149 mA/soat.
Qaynoq24.uz iPhone Air ikkilamchi bozorda qiymat yo‘qotayotgani haqida yozgan edi.

