2026-yildan boshlab Apple iPhone foydalanuvchilari uchun reklama hajmini kengaytiradi. Bu haqda texnologiya yangiliklariga ixtisoslashgan 9to5Mac nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Apple iOS tizimiga integratsiya qilingan yangi reklama formatini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Yangi reklama bloki App Store ilovalar do‘konida paydo bo‘ladi. Hozirda reklama faqat qidiruv natijalarining yuqori qismida ko‘rsatiladi.
Korporatsiya ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yildan reklama qidiruv sahifasining quyi qismida ham namoyish etiladi. Bunda reklama joylashuvi qat’iy belgilanmaydi. Reklama beruvchilar o‘z marketing maqsadlariga qarab blok joyini mustaqil tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Apple vakillarining tushuntirishicha, reklama to‘lovi foydalanuvchi reklama bilan o‘zaro aloqaga kirishgani yoki ilovani yuklab olgani uchun undiriladi. Bu model kompaniyaga qo‘shimcha daromad keltirishi kutilmoqda.
9to5Mac jurnalistlarining qayd etishicha, reklama Apple uchun moliyaviy foyda manbai bo‘lishi bilan birga, ishlab chiquvchilar va foydalanuvchilar uchun ham ma’lum qulayliklar yaratadi. Korporatsiya ta’kidlashicha, App Store’dagi qidiruv iPhone’da ilovalar o‘rnatishning asosiy usuli hisoblanadi.
Apple ichki statistik ma’lumotlariga ko‘ra, iPhone’ga yuklab olinayotgan ilovalarning 65 foizi aynan App Store qidiruvi orqali topiladi. Shu sababli reklama imkoniyatlarini kengaytirish platforma samaradorligini oshirishi mumkin.
Qaynoq24.uz eng yaxshi iPhone smartfonlari haqida yozgan edi.

