Isroil va AQSh yangi harbiy yordam kelishuvi tuzmoqchi. Kelishuv muddati odatdagidan 20 yil bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Axios xabar bermoqda.
Isroil rasmiylari bu loyiha Donald Tramp ma’muriyatining “America First” yondashuviga mos kelishi uchun qo‘shimcha o‘zgartirishlar ham taklif qilganini aytmoqda.
Hozirgi 10 yillik memorandum 2028-yilda tugaydi. Isroil yangi bitimni kelasi bir yil ichida yakunlashni istaydi. Avvalgi kelishuvda AQSh Isroilga har yili qariyb $4 mlrd harbiy yordam berishi ko‘zda tutilgan edi. Isroil endi bundan ham ko‘proq mablag‘ talab qilmoqchi. Ammo muzokaralar murakkab kechishi kutilmoqda. Chunki Trampning MAGA elektorati orasida xorijga yordam berishga qarshi kayfiyat kuchli. Shuningdek, G‘azodagi harbiy amaliyotlar tufayli Kongressda ham Isroilga nisbatan tanqid kuchaygan.

Isroil 1998, 2008 va 2016-yillarda uchta 10 yillik harbiy yordam kelishuvi imzolagan. 2016-yilda Barack Obama ma’muriyati bilan qilingan bitim $38 mlrd hajmida bo‘lgan. 2024-yilda G‘azo urushi vaqtida AQSh Kongressi Isroilga qo‘shimcha milliardlab dollarlik favqulodda harbiy yordam ham ajratgan edi.
Muzokaralardagi asosiy yangi takliflar ikki yo‘nalishga qaratilgan. Birinchisi — bitim muddatini 20 yilga uzaytirish. Bu kelishuvni 2048-yilgacha, ya’ni Isroil davlatining 100 yilligigacha davom ettiradi. Ikkinchisi — mablag‘ning bir qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam sifatida emas, balki AQSh–Isroil qo‘shma tadqiqot va ishlanmalariga yo‘naltirish. Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu yo‘nalish mudofaa texnologiyalari, harbiy sun’iy intellekt, “Golden Dome” raketa mudofaasi kabi sohalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Bu format Tramp ma’muriyatiga ma’qul bo‘lishi mumkin. Chunki mablag‘ning bir qismi AQSh mudofaasiga ham xizmat qiladi.
Isroillik rasmiylarning aytishicha, bu safar har ikki tomon manfaatiga xizmat qiladigan, o‘zaro hamkorlikni kuchaytiradigan model taklif qilinmoqda.
Oq uy bu borada izoh berishni rad etgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri AQShda rekord davom etgan 43 kunlik shautdaun yakunlangani haqida yozgan edi.

