Isroil armiyasining G‘azo sektorining shimoli va janubiga bergan zarbalari oqibatida kamida 17 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Hodisa Isroil nazoratidagi hududni belgilovchi Sariq chiziq yaqinida sodir bo‘lgan. Armiya bu holatni Hamas bilan tuzilgan sulhning ochiqdan ochiq buzilishi deb baholagan va javoban bronetexnika hamda aviatsiya yordamida aniq zarbalar berilganini bildirgan.
Shifoxona vakillarining aytishicha, halok bo‘lganlar orasida olti nafar bola bor. G‘azo shahridagi Al Shifa shifoxonasiga sharqiy Zaytun va Tuffah hududlarida chodirlar hamda uylar nishonga olingani ortidan 13 kishining jasadi olib kelingan. Ularning besh nafari bolalar ekani aytilmoqda.
Xon Yunus shahridagi Nosir shifoxonasi esa Qizan Rashvon hududida chodirlarga berilgan zarbalar oqibatida to‘rt kishi, jumladan bir bola halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Tomonlar 10 oktyabrda kuchga kirgan sulh kelishuvidan buyon bir-birini deyarli har kuni qoidabuzarliklarda ayblab kelmoqda. G‘azodagi sog‘liqni saqlash vazirligi sulh davrida Isroil zarbalari oqibatida kamida 529 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Isroil armiyasi esa shu vaqt ichida to‘rt nafar askari falastinlik hujumlarda halok bo‘lganini qayd etadi.
Urush 2023-yil 7-oktabr kuni Hamas tomonidan Isroil janubiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng boshlangan. Ushbu hujumda taxminan 1,2 ming kishi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan. Shundan keyin Isroil G‘azoga keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush davomida halok bo‘lganlar soni 71,8 mingdan oshgan.
Qaynoq24.uz Isroil G‘azoda majburiy ko‘chirish buyrug‘ini bergani haqida yozgan edi.

