Isroil harbiylari oktyabr oyidagi sulhdan so‘ng ilk bor G‘azoda falastinlik oilalarga o‘z yashash joylarini tark etish bo‘yicha buyruq berdi. Bu haqda mahalliy aholi va HAMAS vakillari ma’lum qildi.
Reuters xabariga ko‘ra, Isroil kuchlari G‘azoning janubidagi Xon Yunus shahri sharqida joylashgan Bani Suhayla hududidagi oilalarga evakuatsiya to‘g‘risida varaqalar tashlagan. Ushbu varaqalar arab, ivrit va ingliz tillarida yozilgan.
Varaqalarda “Shoshilinch xabar. Hudud Isroil armiyasi nazorati ostida. Darhol evakuatsiya qilinishingiz shart”, degan mazmun borligi aytilmoqda. Mahalliy aholi ularning asosan Al-Reqeb mahallasida, chodir shaharchalarda yashayotgan oilalarga tashlanganini bildirdi.
Isroil armiyasi falastinliklarni majburan ko‘chirish rejasi yo‘qligini ma’lum qildi. Harbiylar varaqalar tashlanganini tasdiqlab, bu ogohlantirish HAMAS bilan belgilangan sulh chizig‘idan o‘tmaslik uchun berilganini aytdi.
Mahalliy aholi va HAMAS manbalari bu oktyabrdagi sulhdan beri ilk shunday holat ekanini ta’kidladi. Avvalgi ikki yillik urush davomida Isroil bir necha bor shunday varaqalar tashlab, keyinchalik hududlarda reydlar yoki bombardimonlar amalga oshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi sulh faqat birinchi bosqichda qolmoqda. Bu bosqich doirasida yirik janglar to‘xtatilgan, Isroil G‘azoning kamroq qismidan qo‘shinlarini olib chiqqan va HAMAS garovga olingan shaxslarni ozod etgan.
Hozir G‘azoda 2 mln dan ortiq aholi hududning uchdan bir qismiga yaqin joyda, asosan chodirlar va shikastlangan binolarda yashamoqda. Hududda boshqaruv HAMAS yetakchiligidagi ma’muriyat qo‘lida qolmoqda.
Qaynoq24.uz G‘azoda halok bo‘lganlar soni 71 ming 391 nafarga yetgani haqida yozgan edi.

