2025-yilda O‘zbekistonda iste’molchilarga 2,9 mlrddan ortiq elektron chek taqdim etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan marketpleyslarning ma’lumotlar bazalari soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Natijada 2025-yil davomida xaridorlarga umumiy qiymati 132,3 trln so‘mni tashkil etgan 2 mlrd 936 mln dona elektron chek berildi.
Elektron cheklar tizimini joriy etish iste’molchilar uchun ham moliyaviy foyda keltirdi. Elektron chek rasmiylashtirilishi natijasida 800 mln dona chek bo‘yicha xaridorlarga avtomatik tarzda jami 390 mlrd so‘m keshbek hisoblangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 235 ta marketpleys ro‘yxatga olingan. Ularning katta qismi soliq tizimi bilan to‘liq integratsiya qilingan va elektron cheklar berish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Qolgan platformalarda integratsiya ishlari davom etmoqda yoki ayrimlari hozircha faoliyat yuritmayapti.
Mutaxassislar elektron cheklar tizimi nafaqat iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga, balki savdo va xizmatlar sohasida shaffoflikni oshirishga xizmat qilayotganini qayd etmoqda. Elektron chek orqali hisob-kitoblarning to‘liq nazorat qilinishi soliq tushumlarining barqaror oshishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qaynoq24.uz 2025-yilda budjetga soliq tushumlari 247 trln so‘mdan oshgani haqida yozgan edi.

