Adliya vazirligi tomonidan “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditi hamda ushbu tashkilotlar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur qaror 2025-yil 27-dekabr kuni 3736-raqam bilan ro‘yxatga olingan.
Hujjatga ko‘ra, yuqori ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirga ega bo‘lgan yirik tijorat tashkilotlari uchun yillik moliyaviy hisobotlarni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq taqdim etish talablari yengillashtirildi.
Belgilangan tartibga asosan, aksiyalari ommaviy savdolarga chiqariladigan tashkilotlar, bank-moliya sohasi subyektlari, investitsiya fondlari, birjalar hamda yirik davlat ishtirokidagi korxonalar jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar sifatida e’tirof etiladi. Shuningdek, oxirgi ikki yil yakunlariga ko‘ra aktivlari, yillik sof tushumi yoki xodimlar soni belgilangan yuqori mezonlarga javob beradigan tashkilotlar ham ushbu toifaga kiritiladi.
Endilikda mazkur mezonlarga mos keladigan barcha tashkilotlar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reestriga kiritiladi. Ushbu reestrni Iqtisodiyot va moliya vazirligi yuritadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, reestr har yili 1-iyulga qadar Hukumat portalining yagona platformasi hamda Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinadi. Bu esa yirik tashkilotlar faoliyati shaffofligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz korrupsiya haqida xabar bergan fuqarolarga himoya orderlari berilishi haqida yozgan edi.

