Mashhur kinorejissyor Jeyms Kemeron “Avatar” franshizasining uchinchi qismi — Avatar: Fire And Ash filmi namoyishidan oldin milliarder maqomiga erishdi. Bu haqda Forbes nashri ma’lumot berdi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, rejissyorning sof boyligi 1,1 milliard dollarni tashkil etmoqda.
71 yoshli Kemeron shu tariqa tarixda milliarderga aylangan beshinchi kinoijodkor bo‘ldi. Avvalroq bu ro‘yxatdan Jorj Lukas, Stiven Spilberg, Piter Jekson va Tayler Perri joy olgan edi.
Forbes’ning qayd etishicha, Jeyms Kemeron ushbu ro‘yxatdagi yagona rejissyor bo‘lib, boyligining asosiy qismini bevosita kinofilmlar orqali qo‘lga kiritgan. Uning “Terminator”, “Aliens”, “Titanic” hamda “Avatar” turkumidagi filmlari jahon prokatida umumiy hisobda qariyb 9 milliard dollar daromad keltirgan.
Kemeron hozirga qadar dunyo bo‘ylab 2 milliard dollardan ortiq daromad qilgan uchta filmni suratga olgan yagona rejissyor bo‘lib qolmoqda. Bular — Titanic (1997), Avatar (2009) va Avatar: The Way of Water (2022). “Avatar” filmi hanuzgacha tarixdagi eng ko‘p daromad keltirgan film bo‘lib, uning umumiy tushumi 2,9 milliard dollarni tashkil etadi. “The Way of Water” esa 2,3 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinda turadi.
Tahlilchilarning fikricha, Kemeronning moliyaviy holati yaqin kunlarda yanada mustahkamlanadi. Avatar: Fire And Ash filmi rejissyorga shaxsiy daromad sifatida kamida 200 million dollar olib kelishi mumkin. Ushbu film 2025-yilning eng yuqori daromad keltirgan kartinasi bo‘lishi kutilmoqda va kamida 1 milliard dollar yig‘ishi prognoz qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Avatar” franshizasining yana ikki qismi 2029 va 2031-yillarda ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan. Avatar: Fire And Ash esa kinoteatrlarda 19-dekabrdan namoyish etila boshlaydi.
Qaynoq24.uz Kim Kardashianning boyligi 1,9 mlrd dollarga yetgani haqida yozgan edi.

