“Kelajak” markazlarida o‘qish uchun ota-onalar badali miqdori belgilandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Hukumatning 2025-yil 10-dekabrda qabul qilingan 776-son qarori bilan “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar tomonidan to‘lanadigan badal miqdori hamda uni undirish tartibi tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab markazlarda ta’lim oladigan bolalar uchun oyma-oy to‘lanadigan badal miqdori eng kam hisoblash miqdoriga nisbatan hududlar kesimida farqlanadi. Toshkent shahrida bu to‘lov BHMning 30 foizi, viloyat markazlarida 25 foizi etib belgilandi. Respublikadagi qolgan tuman va shaharlar, shuningdek, Nukus va Urganch shaharlarida to‘lov miqdori 15 foizni tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatining qolgan hududlarida esa badal 10 foiz miqdorida belgilanadi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab to‘lovlar bosqichma-bosqich oshiriladi: Toshkent shahrida BHMning 60 foizigacha, viloyat markazlarida 50 foizgacha, boshqa tuman va shaharlar hamda Nukus va Urganch shaharlarida 30 foizgacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazmning qolgan hududlarida esa 20 foizgacha yetkaziladi.
Qarorga muvofiq, joriy oy uchun to‘lov har oyning 10-sanasigacha amalga oshirilishi lozim. Faqat sentyabr oyi uchun istisno tariqasida to‘lov 30-sanasigacha qabul qilinadi. Shuningdek, hujjatda bir qator ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar badal to‘lovidan ozod etilishi belgilangan.
Jumladan, “Kambag‘al oila reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari, maxsus ehtiyojga ega bolalar uchun mo‘ljallangan maktab va maktab-internat o‘quvchilari, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining inklyuziv sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar badal to‘lashdan ozod qilinadi.
Qaynoq24.uz ekohududlarda turistik yo‘laklarni tashkil etish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

