Keniyada ekofaol uch sutka daraxtni quchoqlab, rekord o‘rnatdi. Bu haqda Deutsche Welle nashri xabar bermoqda.
Keniya ekofaoli Trufena Mutoni tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan noodatiy aksiya o‘tkazib, uch sutka davomida daraxtni quchoqlagan holda rekord o‘rnatdi.
Ma’lum qilinishicha, aksiya Keniya shimolidagi Nyeri shahrida, hukumat majmuasi hududida bo‘lib o‘tgan. Mutoni 72 soat davomida daraxtdan uzoqlashmagan. Aksiyaning bir qismida u ko‘zlarini bog‘lab olgan. Bu orqali u iqlim o‘zgarishlari eng avvalo imkoniyati cheklangan insonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashni maqsad qilgan.
Aksiya davomida ekofaol uxlab qolishiga sal qolgani aytilmoqda. Biroq homiylar tomonidan to‘langan badal tufayli tadbir rasmiy ravishda qayd etilib, natija Ginnes rekordlar kitobiga kiritilishi uchun hujjatlashtirilgan.
Natijada Trufena Mutoni avval o‘zi o‘rnatgan rekordni yangiladi. Oldingi aksiya davomida u daraxtni 48 soat davomida quchoqlab turgan edi. Ekofaolning so‘zlariga ko‘ra, bu tinch norozilik shakli odamlar o‘rtasidagi farqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Mutoni kiyimlaridagi ranglar ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Qora rang Afrika xalqlarining kuch va matonatini, yashil rang o‘rmonlarni tiklash va umidni, qizil rang tub aholining qarshiligini, ko‘k rang esa suv resurslarini asrashni anglatadi.
Qaynoq24.uz Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha komissiya tuzilgani haqida yozgan edi.

