Kim Chen In Vladimir Putin uchun qarorgoh qurdirayotgani aytilmoqda. Bu haqda The Sun nashri ma’lum qildi.
Sattelit suratlari Pyongyangdagi Kumsusan davlat mehmonxonasi majmuasida uchta yirik binoning jadal suratda barpo etilayotganini ko‘rsatgan. Har bir saroyning maydoni qariyb 140 ming kvadrat futni tashkil qiladi.
Maxar kompaniyasi tomonidan dekabr oyida olingan yuqori aniqlikdagi suratlarda saroylar ustiga yangi qavatlar qo‘shilayotgani, shuningdek, ularga tutash yordamchi binolarning ham qurilayotgani aks etgan. Qurilish ishlari oktabr oyidan buyon davom etayotgani, jarayon nihoyatda tez sur’atlarda olib borilayotgani qayd etilgan.
Nashrlarning yozishicha, mazkur inshootlar Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In tomonidan aynan Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillarda Kim va Putin o‘rtasidagi yaqinlik kuchaygan, Moskvaning Ukrainadagi urushiga berilgan harbiy yordam esa ikki davlat aloqalarini yanada mustahkamlagan.
Qayd etilishicha, yangi saroylar qurilishi boshlangan o‘sha kunlarda Kim Chen In Rossiya tomonida halok bo‘lgan shimoliy koreyalik askarlarga bag‘ishlangan “muqaddas yodgorlik” majmuasining poydevorini ham qo‘ygan.
Shimoliy Koreya rasmiylari voqea yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Qaynoq24.uz Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketalar uchirgani haqida yozgan edi.

