Kobul markazida joylashgan Xitoy restoranida portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi, yana o‘ndan ortiq odam jarohat olgan.
Portlash 19-yanvar kuni Shahr-e-Nav hududidagi Xitoy Noodle restoranida yuz bergan. Kobul politsiyasi vakili Xolid Zadranning bildirishicha, halok bo‘lganlar orasida bir nafar xitoylik musulmon va olti nafar afg‘on fuqarosi bor. Portlash oshxona yaqinida sodir bo‘lgan.
Hodisa joyiga tez tibbiy yordam mashinalari va politsiya yetib borgan. Guvohlarning aytishicha, portlash odam gavjum hududda sodir bo‘lgan va atrofdagi binolarning oynalari singan.
Keyinchalik hujum uchun javobgarlikni IShID guruhi o‘z zimmasiga olgani aytilmoqda. SITE Intelligence Group xabariga ko‘ra, guruh bu hujum xitoylik fuqarolarni nishonga olgan o‘zini portlatish harakati bo‘lganini ma’lum qilgan. IShID bayonotida Xitoy hukumati siyosati tanqid qilingan.
Italiyaning EMERGENCY nodavlat tashkiloti restoran yaqinidagi shifoxonaga yetti kishi allaqachon vafot etgan holatda olib kelinganini bildirdi. Yana 13 kishi jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan. Jarohatlanganlar orasida ayollar va bir nafar bola ham borligi aytildi.
Qaynoq24.uz nashri Afg‘onistonda Pokiston zarbalaridan 10 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

