Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonda kompyuter dasturlashtirish xizmatlari hajmi 24,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,5 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, kompyuter dasturlashtirish xizmatlari aloqa va axborotlashtirish xizmatlari umumiy hajmida eng katta ulushni egallab, 40,6 foizni tashkil qilgan. Bu raqam sohada raqamli texnologiyalar va IT xizmatlariga bo‘lgan talab izchil oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng katta hajm Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan.
Poytaxtda kompyuter dasturlashtirish xizmatlari hajmi 22,2 trillion so‘mga yetgan. Viloyatlar orasida Farg‘ona viloyati 419,9 milliard so‘m bilan yetakchi bo‘lib, undan keyin Samarqand viloyati 382 milliard so‘m va Toshkent viloyati 331,3 milliard so‘m ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Xorazm viloyatida ushbu xizmatlar hajmi 269,1 milliard so‘mni, Jizzax viloyatida 231,9 milliard so‘mni tashkil qilgan. Surxondaryo viloyatida 190,1 milliard so‘m, Navoiy viloyatida 177,7 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida esa 173,9 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Andijon viloyatida kompyuter dasturlashtirish xizmatlari hajmi 169,9 milliard so‘mga, Namangan viloyatida 133,2 milliard so‘mga, Buxoro viloyatida 129,4 milliard so‘mga yetgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 113 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida eng past natija qayd etilib, 52,4 milliard so‘m bo‘lgan.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonga 161,4 ming tonna banan import qilingani haqida yozgan edi.

