Krishtianu Ronaldu AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishni orzu qilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u 6-noyabr kuni Pirs Morgan Uncensored dasturida gapirdi.
Ronaldu dunyoda tinchlik bo‘lishini istashini aytdi. Uning fikricha, Tramp global jarayonlarga ta’sir o‘tkaza oladigan yetakchilardan biri. Shu bois u bir kun Tramp bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘lishni xohlaydi.

Pirs Morgan futbolchini Tramp bilan tanishtirishga tayyorligini bildirganida, Ronaldu bu uchrashuvdan umidvor ekanini yana bir bor ta’kidladi. U Trampni o‘zi yoqtiradigan insonlardan biri deb atadi.
Ronaldu siyosiy mavzudan chetlab o‘tib, uchrashuv tinchlik haqida bo‘lishini aytdi. U Tramp bilan o‘rtasida bir umumiy jihat borligini gapirdi, ammo bu nimadan iborat ekanini ochiqlamadi.
“Buni bir kun Trampning o‘ziga aytaman”,
dedi u.

Morgan suhbat davomida Trampning o‘g‘li Barron Ronaldu ijodining muxlisi ekanini eslatdi. Futbolchi esa u ham suhbatga qo‘shilishi mumkinligini aytarkan, hazil tariqasida dunyoda kim mashhurroq — Trampmi yoki Ronaldumi? degan bahsni taklif qildi.
Ronaldu bu bahsda o‘zi g‘olib chiqishini aytib, dunyoning eng chekka hududlarida ham uni tanishlarini ta’kidladi. U shu bilan birga haddan tashqari mashhurlik hayotini zerikarli deb atadi va aslida mashhurlikni xohlamaganini aytgan.

Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 1985-yilda Portugaliyada tug‘ilgan. U tarixdagi eng ko‘p gol urgan futbolchilardan biri sanaladi. “Sporting”, “Manchester United”, “Real Madrid”, “Yuventus” va Saudiya Arabistonidagi “Al-Nassr” klublarida to‘p surgan. Ronaldu besh karra “Oltin to‘p” sohibi. Portugaliya terma jamoasining eng yaxshi to‘purari. U APL, La Liga va A Seriyada chempionlikni qo‘lga kiritgan yagona futbolchi. Sosial tarmoqlarda eng ko‘p kuzatiladigan sportchi sifatida ham rekordchi.
Qaynoq24.uz nashri Tramp O‘zbekiston va Qozog‘iston haqida fikr bildirganini yozgan edi.

