Mashhur aktyor Leonardo Di Kaprio 2025-yilning “Yil san’atkori” deb e’lon qilindi. Nufuzli unvon Di Kaprioning Pol Tomas Anderson suratga olgan “One Battle After Another” filmidagi kuchli ijrosi uchun taqdim etildi.
51 yoshli Gollivud yulduzi 2015-yilda “Suruvchilar” filmi uchun “Oskar” olganidan so‘ng yana mukofotlar mavsumida yetakchilar qatoriga qaytdi. Andersonning yangi filmida u sobiq inqilobchi rolini ijro etib, o‘zini doimiy paranoya ichida yashayotgan, hayotini ostin-ustin qiluvchi eski dushman qaytishi bilan yana kurashga tortilgan qahramon sifatida namoyon qiladi. Filmda Sean Penn ham ishtirok etadi.

Di Kaprio Time jurnali bilan suhbatda filmning o‘ziga xosligi haqida gapirdi:
“Bunday asliyatga ega hikoyani uchratish juda kam uchraydi — tarixiy asos yo‘q, oldindan tanilgan qahramonlar yo‘q, aniq janr ham yo‘q. Studiya uchun ma’lum tavakkal bo‘ldi, lekin Polning hikoya aytish mahorati bunga arziydi”, — dedi u.
8-dekabr kuni aktyor “Oltin globus” mukofotiga nominatsiya olgan bo‘lsa, undan avval “Critics Choice” mukofoti uchun ham nomzod bo‘lgan. Shuningdek, u National Board of Review, Palm Springs xalqaro kinofestivali va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan taqdirlangan.
“One Battle After Another” filmi “Oltin globus” va “Critics Choice” mukofotlarida “Eng yaxshi film” nominatsiyasida ham kurashmoqda. Asar ilgari Gotham Awards va National Board of Review kabi tanlovlarda ham g‘olib chiqqan.
Time jurnali “Yil odami” unvonini 11-dekabr kuni e’lon qiladi.
Qaynoq24.uz Tom Kruz kino sanoatiga qo‘shgan hissasi uchun faxriy “Oskar” bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.

