Parijdagi Luvr muzeyida jinoyatchilar atigi 7 daqiqa ichida fransuz imperatorlariga tegishli 9 ta zargarlik buyumini o‘g‘irlab ketishdi. EDaily nashrining yozishicha, rasmiylar ularni bebaho tarixiy boyliklar deb atadi.
O‘g‘irlangan buyumlar orasida malika Yevgeniyaning 212 ta marvarid, 1 998 ta olmos va 992 ta pushti qirrali olmos bilan bezatilgan toji ham bo‘lgan.

Shuningdek, u taqib yurgan 2 438 ta olmos va 196 ta pushti qirrali olmosdan yasalgan dekorativ bant ham o‘g‘irlangan.
Shuningdek, 1855-yilga oid «Imperatritsa Yevgeniya» broshkasi ham jinoyatchilar nishoniga aylangan. Bundan tashqari, Lui Bonapartning rafiqasi qirolicha Gortenziya hamda Lui-Filipp I’ning turmush o‘rtog‘i Mariya-Ameliya taqib yurgan sapfir sirg‘alar ham yo‘qolgan.

Yana bir muhim topilma — Napoleon tomonidan Mariya-Luizaning to‘yiga sovg‘a qilingan zumrad va olmoslardan yasalgan marjon ham o‘g‘irlangan buyumlar qatorida.


Fransuz politsiyasi jinoyatchilarni qidirish ishlarini boshlagan. Rasmiylar bu ishni so‘nggi yillardagi eng yirik muzey o‘g‘riliklaridan biri deb atamoqda.

