Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Foto: Gazeta uz
Jonibek Juraqulov
1 Daqiqa o‘qish

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu qaror inflyatsiya pasayish tendensiyasi davom etayotgan bir paytda qabul qilindi: noyabr oyida yillik umumiy inflyatsiya 7,5 foizni, bazaviy inflyatsiya esa 6,3 foizni tashkil etdi. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank yil yakuniga doir inflyatsiya prognozini 7,3 foizga pasaytirdi, 2026-yil uchun esa kutilayotgan ko‘rsatkich 6,5 foiz atrofida bo‘lishi aytildi.

Iqtisodiyotda yuqori faollik saqlanmoqda: yil yakunida iqtisodiy o‘sish 7–7,5 foiz diapazonida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, ayrim taklif omillari bo‘yicha xatarlar hali ham saqlanib qolmoqda. Xususan, oziq-ovqat ta’minoti, transport xarajatlari va tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi inflyatsion bosimga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Markaziy bankning qayd etishicha, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayayotganiga qaramay, real foiz stavkalari yuqori darajada saqlanmoqda. Bu esa milliy valyutadagi jamg‘armalarning o‘sishiga xizmat qilmoqda. Moliyaviy inklyuzivlik kengaygani tufayli chakana kreditlash hajmi tez sur’atda ko‘paymoqda. Bu jarayon kelgusida inflyatsion bosimni kuchaytirish ehtimolini ham yuzaga chiqaradi.

Pul-kredit sharoitlari inflyatsiyaning izchil pasayish trayektoriyasini ta’minlash maqsadida qat’iy darajada saqlab turiladi. Zarurat tug‘ilganda Markaziy bank siyosatini yana qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Asosiy stavkani keyingi muhokama qilish sanasi 2026-yil 28-yanvar etib belgilandi.

Qaynoq24.uz 12-dekabr uchun valyutalar kursi qanday qiymatda bo‘lishi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.