O‘zbekiston Markaziy banki qaroriga ko‘ra, «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi bekor qilindi. Qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagani sabab qabul qilindi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, bank ustav kapitali eng kam talab darajasiga yetkazilmagan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan banklar uchun minimal ustav kapitali 500 mlrd so‘m etib belgilangan. Biroq 2026-yil 1-yanvar holatiga «Yangi bank» ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Markaziy bankning bir necha bor ogohlantirishlariga qaramay, vaziyat o‘zgarmagan.
Shuningdek, bank ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilmagani aniqlangan. Bu holatlar amaldagi qonunlarga muvofiq jiddiy qoidabuzarlik sifatida baholangan.
Qabul qilingan qarorga muvofiq, «Yangi bank» belgilangan tartibda tugatiladi. Tugatish jarayonini amalga oshirish uchun maxsus tugatish komissiyasi tayinlangan. Jarayon Markaziy bank nazoratida bo‘ladi.
Rasmiylarga ko‘ra, bankdagi omonatlar davlat tomonidan kafolatlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga asoslanib, 32,5 ming nafar omonatchining 32,1 ming nafariga mablag‘lar to‘liq qaytariladi. Qolgan 373 nafar omonatchi bo‘yicha to‘lovlar tugatish komissiyasi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Omonat mablag‘larini qaytarish jarayoni Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan olib boriladi. To‘lovlarning aniq tartibi va muddatlari keyinroq e’lon qilinadi.
Qaynoq24.uz Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida yozgan edi.

