Marokashning Fes shahrida ikki uy qulab tushib, kamida 22 kishi halok bo‘ldi

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Marokashning Fes shahrida ikki to‘rt qavatli turar-joy binosining qulab tushishi natijasida kamida 22 kishi halok bo‘ldi. Shahar prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, yana 16 kishi jarohatlangan. Fojia seshanba kuni kechqurun ro‘y bergan bo‘lib, bu uylar sakkizta oilaga tegishli bo‘lgan.

Voqea joyida qutqaruvchilar tun bo‘yi vayronalar ostida qolgan fuqarolarni izlashni davom ettirdi. Yaqin atrofdagi uylar xavfsizlik chorasi sifatida evakuatsiya qilindi. Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, qulagan uylarning devorlarida bir necha yildan beri yorilishlar mavjud bo‘lgan.

Reuters agentligining eslatishicha, Marokash uy-joy vaziri Adib Ben-Ibrohim yil boshida mamlakat bo‘ylab 39 mingga yaqin bino qulash xavfi ostida ekani haqida ogohlantirgandi.

Mahalliy aholi vakillari jurnalistlarga bergan intervyularida uylarning xavfli tarzda yonma-yon qurilgani muammoni chuqurlashtirgani, hatto bir uy ikkinchisining ustiga qulaganini aytishdi. Ba’zi guvohlar binoning bir necha daqiqa ichida butunlay qulab tushganini ma’lum qildi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qulagan ikki uylarning biri bo‘sh turgan, biroq ikkinchi uyda chaqaloq tug‘ilganini nishonlash uchun ko‘plab odamlar to‘plangan bo‘lgan. Hodisa yuzasidan rasmiy tergov boshlandi.

Fes shahrida so‘nggi ikki yil ichida bu — odamlar qurbon bo‘lgan navbatdagi uchinchi uy qulash hodisasi. 2024-yil fevralida qadimiy shahar qismida besh kishi, 2025-yil may oyida esa yana to‘qqiz kishi uy qulamog‘i oqibatida vafot etgan edi.

Fes — Marokashning eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. So‘nggi oylar davomida shahar aholisi uy-joy ta’minoti va infratuzilmani yaxshilash talabi bilan ko‘plab norozilik namoyishlari o‘tkazgan edi.

Qaynoq24.uz Xitoyning janubi-g‘arbida yangi qurilgan ko‘prikning bir qismi qulab tushgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.