O‘zbekiston Respublikasida mehnat ta’tillari bilan bog‘liq huquqlar 2022-yil 28-oktabrda qabul qilingan va 2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan yangi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi. Ushbu hujjat xodimlarning dam olish huquqini kafolatlaydi hamda ta’til turlari va ularning davomiyligini aniq belgilaydi. Maqolada mehnat ta’tili va xodimlar uchun imtiyozlar haqida fikr yuritiladi.
Mehnat ta’tili xodim sog‘lig‘ini tiklash, oilaviy va shaxsiy masalalarni hal qilish hamda mehnat samaradorligini oshirish uchun muhim ijtimoiy kafolat hisoblanadi. Yangi tartibga ko‘ra, har bir xodim yillik asosiy mehnat ta’tiliga ega bo‘lib, uning eng kam davomiyligi 28 kalendar kunni tashkil etadi. Ta’tilning kalendar kunlarda hisoblanishi xodimlar uchun qulaylik yaratadi va dam olish imkoniyatini kengaytiradi.

Qo‘shimcha va maxsus ta’tillar: kimlarga va qachon beriladi
Yangi Mehnat kodeksida ayrim sharoitlarda ishlovchi xodimlar uchun qo‘shimcha ta’tillar ham nazarda tutilgan. Zararli, og‘ir yoki xavfli mehnat sharoitlarida faoliyat yuritayotganlar, noqulay tabiiy-iqlim hududlarida ishlayotgan xodimlar hamda bir tashkilot yoki tarmoqda uzoq yillar mehnat qilgan shaxslar qo‘shimcha dam olish kunlariga ega bo‘lishi mumkin.
Pedagog xodimlar uchun esa yillik ta’til muddati uzaytirilgan bo‘lib, ayrim hollarda 56 kungacha yetadi. Bundan tashqari, oilaviy yoki boshqa muhim sabablarga ko‘ra ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tillar mavjud. Nikoh tuzish, farzand tug‘ilishi yoki yaqin qarindoshning vafoti kabi holatlarda qisqa muddatli haq to‘lanadigan ta’tillar ham qonunchilikda belgilangan.

Imtiyozlar va muhim qoidalar: xodimlar nimani bilishi kerak
Amaldagi Mehnat kodeksi ayrim toifadagi xodimlarga qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar beradi. Homilador ayollar va oilaviy vazifalarni bajaruvchi shaxslar yillik ta’tilni o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda olish huquqiga ega. Uch yoshgacha bolasi bor ota-onalardan biriga qisqartirilgan ish vaqti va ta’til olishda qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Nogironligi bo‘lgan xodimlar hamda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar uchun uzaytirilgan ta’til va qisqartirilgan ish vaqti belgilangan. Ta’til davrida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi, foydalanilmagan ta’til uchun esa pul kompensatsiyasi to‘lanadi. Ish beruvchi ta’til jadvalini tuzadi, biroq uni xodim roziligisiz o‘zgartirishga haqli emas.
Qaynoq24.uz ishsizlik nafaqasini olish tartibi haqida yozgan edi.

