Meksikaning mashhur narkobaronlaridan biri Nemesio Osegvera Servantes, “El Mencho” laqabi bilan tanilgan jinoyatchi, oltin rangli tobutda dafn etildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Dafn marosimi Meksikaning Xalisko shtatidagi Gvadalaxara yaqinida o‘tkazilgan.
59 yoshli kartel yetakchisi fevral oxirida Meksika maxsus kuchlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya vaqtida yaralangan edi. U o‘z qo‘riqchilari bilan harbiylar o‘rtasidagi otishmada og‘ir jarohat olib, keyinchalik vafot etdi.
“El Mencho” Meksikadagi eng qidiruvdagi jinoyatchilardan biri bo‘lgan. AQSh hukumati uning qo‘lga olinishi uchun 15 mln dollar mukofot e’lon qilgan edi. U tashkil etgan Xalisko Yangi Avlod karteli mamlakatdagi eng xavfli jinoiy guruhlardan biri hisoblanadi.
Kartel yetakchisining o‘limidan so‘ng mamlakatning 20 ga yaqin shtatida zo‘ravonliklar yuz berdi. Kartel a’zolari yo‘llarni to‘sib qo‘yib, avtomobillarga o‘t qo‘ygan.
Dafn marosimi vaqtida yangi to‘qnashuvlarning oldini olish uchun Meksika Milliy gvardiyasi hududda kuchaytirilgan tartibda xizmat olib bordi.
Qaynoq24.uz Meksikalik Fatima Bosch Miss dunyo go‘zali tanlovi g‘olibi bo‘lgani haqida yozgan edi.

