Meta Platforms AQShda bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq sud ishida aybdor deb topildi. Nyu-Meksiko shtatidagi sud qaroriga ko‘ra, kompaniya 375 mln dollar jarima to‘laydi.
Sud jarayoni qariyb yetti hafta davom etdi. Hay’at Meta ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kontentni bilgan holda yetarli choralar ko‘rmaganini aniqladi. Shuningdek, kompaniya bolalar xavfsizligi bo‘yicha noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumot bergani ham qayd etildi. Prokuratura Meta bolalarning tajribasizligi va zaifligidan foydalanganini ta’kidladi.
Sud qarorida minglab qonunbuzarlik holatlari aniqlangani aytildi. Har bir holat uchun maksimal 5 ming dollar jarima qo‘llangan. Meta qaror bilan rozi emasligini bildirdi va apellyatsiya berishini ma’lum qildi. Kompaniya o‘z platformalarida xavfsizlikni ta’minlash ustida ishlayotganini ta’kidlamoqda.
Qayd etilishicha, bu ish Meta’ga nisbatan bolalar ekspluatatsiyasi bo‘yicha chiqarilgan ilk yirik sud qarori hisoblanadi. Sudning ikkinchi bosqichi may oyida davom etadi.
Qaynoq24.uz Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqi kuchga kirgani haqida yozgan edi.

