Havo haroratining keskin pasayishi sabab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, ya’ni metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sovuq ob-havo fonida tabiiy gazga bo‘lgan talab keskin oshgan. Natijada ayrim hududlarda quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Shu sababli gaz ta’minotida ustuvorlik aholi xonadonlari, tibbiyot va ta’lim muassasalariga berilmoqda.
Iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida energetika tizimi 24 soatlik kuchaytirilgan ish rejimida ishlayapti. Hududlardagi vaziyat doimiy nazoratga olingan, yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkor bartaraf etilmoqda.
Energetika vazirligi cheklovlar faqat sovuq kunlar davrida aholini barqaror gaz bilan ta’minlash maqsadida joriy etilganini ta’kidladi. Vaziyat barqarorlashishi bilan metan “zapravkalar” faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transporti vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz va barqaror tarzda amalga oshiriladi.
Qaynoq24.uz 8-yanvardan metan zapravkalar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritilgani haqida yozgan edi.

