Microsoft Hindistonga 17,5 milliard dollar sarmoya kiritadi. Bu haqda Microsoft rasmiy bayonotida xabar bermoqda.
Microsoft 2026–2029 yillar davomida Hindistonda sun’iy intellekt (SI) va bulut infratuzilmasini kengaytirish uchun 17,5 milliard dollar sarmoya kiritadi. Bu kompaniyaning Osiyodagi eng yirik investitsiyasi hisoblanadi. Yangi mablag‘ ilgari e’lon qilingan 3 milliard dollarlik paket ustiga qo‘shimcha qilinmoqda.
Kompaniya Hindistonda 2026-yil o‘rtalarida ishga tushiriladigan yirik gipermiqyosli ma’lumotlar markazini qurmoqda. Yangi markaz Hyderabad hududida joylashgan bo‘lib, uning infratuzilmasi ikki Eden Gardens stadioniga teng maydonni egallashi aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, sarmoya uch asosiy yo‘nalishga qaratiladi: SI infratuzilmasi, kadrlar tayyorlash va texnologik suverenitet. Microsoft 2030-yilgacha 20 million hindistonlikni zamonaviy ko‘nikmalar bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Shuningdek, e-Shram va National Career Service tizimlariga SI integratsiyasi orqali 310 million norasmiy ishchilarga xizmat ko‘rsatish samaradorligi oshiriladi.
Microsoft rahbari Satya Nadella Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvda bu sarmoya mamlakatni SI ommaviy qo‘llaniladigan davlatga aylantirishga xizmat qilishini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, Hindiston raqamli infratuzilma bosqichidan SI infratuzilmasiga o‘tish orqali yangi iqtisodiy impulsga ega bo‘ladi.
Kompaniya hozirda Hindistonning Bengaluru, Hyderabad, Pune, Gurugram va Noida shaharlarida 22 mingdan ortiq xodimga ega. Ular global SI mahsulotlari, jumladan Copilot Studio, Azure AI Search, AI agentlari va tarjima texnologiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.
Microsoftning Chennai, Hyderabad va Pune shaharlaridagi mavjud ma’lumotlar markazlari ham bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bu esa korxonalar, startaplar va davlat tashkilotlari uchun past kechikishli, yuqori ishonchli xizmatlarni taqdim etishga imkon beradi.
Qaynoq24.uz Hindistonda erkak daryo bo‘yida timsoh qurboni bo‘lgani haqida yozgan edi.

