Microsoft kompaniyasi 357 mlrd dollarga yaqin qiymat yo‘qotdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi. Kompaniya aksiyalari 29-yanvar kuni keskin tushib ketgan.
Microsoft aksiyalari savdolar yakunida 10 foizga arzonlashdi. Bu kompaniya uchun 2020-yil mart oyidan beri eng katta kunlik pasayish hisoblanadi. Qulash Microsoft moliyaviy hisobotidan keyin yuz berdi. Hisobotda sun’iy intellektga rekord darajada sarmoya kiritilayotgani, biroq asosiy bulutli xizmat bo‘lgan Azure daromadlari o‘sishi sekinlashgani qayd etilgan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi chorakda Microsoft’ning kapital xarajatlari 66 foizga oshib, 37,5 mlrd dollarga yetgan. Bu tarixiy rekord hisoblanadi. Shu bilan birga, Azure xizmatidagi o‘sish oldingi chorakka nisbatan sustlashgan.
Shu paytgacha faqat bitta kompaniya Microsoft’dan ko‘proq bir kunda qiymat yo‘qotgan. O‘tgan yili Nvidia aksiyalari DeepSeek’ning arzon sun’iy intellekt modeli taqdimotidan so‘ng 593 mlrd dolllarga qulagan edi.
Microsoft’dagi vaziyat boshqa texnogigantlarga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Savdolar davomida Alphabet va Nvidia’ning bozor qiymati ham bir paytning o‘zida $100 mlrddan ortiqqa kamaydi. Kun yakunida Alphabet aksiyalari 0,7 foizga ko‘tarildi. Amazon esa savdolarni 0,5 foiz pasayish bilan yakunladi.
Qaynoq24.uz Microsoft Google Chrome foydalanuvchilarini Edge’ga o‘tishga undayotgani haqida yozgan edi.

