Microsoft kompaniyasi tomonidan Windows 10 uchun taqdim etilgan ilk qo‘shimcha pullik yangilanishlar operatsion tizim ishida jiddiy nosozliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Windows Latest nashri xabar bermoqda. Qayd etilishicha, yangilanishlar ayrim tizim funksiyalarining ishlashini izdan chiqargan.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 14-oktabr kuni Windows 10’ni rasmiy qo‘llab-quvvatlash muddati yakunlanganidan so‘ng, Microsoft foydalanuvchilarga Extended Security Updates (ESU) — kengaytirilgan xavfsizlik yangilanishlarini taklif qila boshlagan. Ushbu yangilanishlar birinchi yil uchun 61 dollar evaziga yoki ma’lum shartlar asosida bepul taqdim etilmoqda.
Biroq jurnalistlar ta’kidlashicha, dekabr oyida chiqarilgan KB5071546 nomli yangilanish Windows 10 tizimidagi MSMQ (Message Queuing) xizmati faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu xizmat Microsoft’ning ichki komponenti bo‘lib, ilovalar o‘rtasidagi ayrim aloqa jarayonlarini boshqaradi va asosan korporativ dasturlarda fon vazifalarini bajarishda qo‘llaniladi.
Yangilanishni o‘rnatgan ko‘plab foydalanuvchilar “MSMQ: operatsiyani bajarish uchun resurslar yetarli emas” mazmunidagi xatolik yuzaga kelayotganidan shikoyat qilgan.
Mazkur muammo Microsoft mutaxassislari e’tiborini tortgan. Kompaniya muhandislari nosozlik tez orada bartaraf etilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Windows Latest nashri vaqtinchalik chora sifatida muammoli yangilanishni tizimdan olib tashlashni tavsiya qilgan.
Qaynoq24.uz Microsoft Hindistonga 17,5 milliard dollar sarmoya kiritishi haqida yozgan edi.

