O‘zbekistonda mobil aloqa shartnomasini bekor qilish muddati 1 yilgacha uzaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, mobil aloqa abonentining shaxsiy hisobidagi mablag‘ xizmatni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda shartnomani bekor qilish muddati 2 oydan 1 yilgacha uzaytirildi. Bu abonentga raqamini uzoqroq muddat saqlab qolish imkonini beradi.
Shuningdek, abonentlar amaldagi tarif rejasini boshqa tarifga bepul almashtira oladi. Bu cheklangan hududlar yoki alohida guruhlar uchun ishlab chiqilgan maxsus tariflarga taalluqli emas.
Tarif shartlari o‘zgargan taqdirda, mobil aloqa operatorlari abonentlarni kamida 15 kun oldin xabardor qilishi shart. Ogohlantirish ommaviy axborot vositalari, rasmiy sayt yoki SMS orqali amalga oshiriladi.
Yangi qoidalarga muvofiq, xizmat ko‘rsatish punktiga bora olmaydigan fuqarolar uchun yashash joyiga chiqib xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda ko‘chma mobil aloqa xizmatlari tashkil etiladi.
Yangi tartiblarga ko‘ra, tarif rejasi va xizmatlar uchun to‘lov undirilganda jismoniy shaxs bo‘lgan abonent hisobini salbiy holatga, ya’ni qarzdorlikka tushirish taqiqlanadi. Bu cheklovlar abonentlarni majburiy va yashirin to‘lovlardan himoya qilishga qaratilgan.
Shuningdek, fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligi belgilandi.
Mobil aloqa tarmoqlarida raqam ko‘chirish tartibi ham soddalashtirildi. Endi bu jarayon xizmat ko‘rsatish punktlarida 8 ish soati emas, balki atigi 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Pullik qo‘shimcha xizmatlarga obuna bo‘lish bo‘yicha ham yangi tartib joriy etildi. Kontent xizmatlarini faollashtirish faqat operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD kodlari orqali amalga oshiriladi. Abonent roziligisiz xizmatlarni avtomatik ulash qat’iyan man etiladi. Kontent provayderlari tomonidan taklif qilinadigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda bo‘lishi shart.

