Eronning marhum diniy yetakchisi o‘g‘li Mojtaba Xomeneiy mamlakatning yangi oliy rahbari etib saylangani aytilmoqda. Bu haqda Deutsche Welle manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, qaror Eronning yuqori darajadagi shia ruhoniylaridan iborat 88 a’zoli kengash tomonidan qabul qilingan. Ushbu organ mamlakatda oliy rahbarni saylash vakolatiga ega. Biroq Eron hukumati va rasmiy OAV hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan.
Xabarlarga ko‘ra, Mojtaba Xomeneiy nomzodining saylanishi qarori Islamic Revolutionary Guard Corps bosimi ostida qabul qilingan bo‘lishi mumkin.
Marhum oliy rahbar Ali Xomeneiy 1989-yildan beri Eronni boshqarib kelgan edi. U 28-fevral kuni AQSh va Isroil tomonidan Eron hududiga uyushtirilgan harbiy operatsiya vaqtida halok bo‘lgani aytilmoqda.
Ali Xomeneiy vafotidan keyin mamlakatni vaqtincha uch kishidan iborat kengash boshqarmoqda. Uning tarkibiga prezident Masud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Mohseni Ejey hamda Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi a’zosi Alirezo Arofiy kiradi.
Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatning oliy rahbari umrbod lavozimda qoladi. Uni Ekspertlar kengashi deb ataluvchi 88 nafar shia ruhoniylaridan iborat organ saylaydi. Ushbu kengash a’zolari Eron fuqarolari tomonidan har sakkiz yilda saylanadi. Oxirgi saylovlar 2024-yilda o‘tkazilgan.
Eron atrofidagi vaziyat esa keskinligicha qolmoqda. 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eron hududiga keng ko‘lamli zarbalar bera boshlagan. AQSh prezidenti Donald Tramp bu operatsiya Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilishga qaratilganini aytgan.
Eron davlat OAVlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 787 kishi halok bo‘lgan. Tehron bunga javoban Isroil hamda Fors ko‘rfazi mintaqasidagi ayrim mamlakatlardagi AQSh harbiy bazalariga zarba berganini ma’lum qilgan. Konflikt hozircha davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Eron janubida maktabga berilgan zarba oqibatida 153 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

