Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqiladi

Foto: Mudofaa vazirligi
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi hamda Milliy xavfsizlik konsepsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hujjatlar zamonaviy tahdidlar va mintaqaviy xavfsizlikdagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda yangilanadi. Shu bilan birga, yangi mudofaa doktrinasida O‘zbekistonning harbiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosati saqlanib qoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi qayd etildi. Ushbu model doirasida har bir harbiy xizmatchi armiyadan qaytgach, aniq kasbiy ko‘nikmalar va real hayotiy istiqbollarga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, “Bir million dasturchi” hamda “Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi” dasturlari doirasida har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchini o‘qitish rejalashtirilgan. Harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi, xizmatdan qaytgach esa o‘qishni davom ettirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, sertifikat olish xarajatlari qoplanadi va foizsiz ta’lim kreditlari ajratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muddatli harbiy xizmatni tugatganlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham kengaytiriladi. Ularning tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi hamda ishga joylashishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.

Yig‘ilishda harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 1-apreldan boshlab ofitserlarning ko‘p yillik xizmati uchun ustama haqi ikki baravarga oshiriladi. Shuningdek, kontrakt asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va serjantlar ish haqi 10 foizga ko‘paytiriladi.

Hududiy mudofaa organlarining harbiy bo‘lmagan xodimlari mehnatiga haq to‘lash joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda esa yana 50 foizga oshiriladi. 30 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan pul ta’minoti miqdori 75 foizdan 100 foizgacha yetkaziladi.

Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya doirasida joriy yilda harbiy qism va muassasalar 1 million nusxada badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi. Armiyada sportni rivojlantirish ishlari davom ettirilib, yoshlarning qiziqishiga mos zamonaviy yo‘nalishlar joriy etilishi belgilandi.

Qaynoq24.uz ijtimoiy xodimlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilangani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.